Chorshanba kuni Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 28 mart kuni Toshkent markazida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar va shu bilan bog‘liq voqealar hamda chiqishlar yuzasidan bayonot berdi.

«So‘nggi kunlarda internet tarmog‘idagi axborot maydonida aholisining qariyb 94 foizi musulmon bo‘lgan O‘zbekistonda LGBT g‘oyalarini targ‘ib qilayotgan Miraziz Bazarovning noqonuniy chaqiruvlari oqibatida jamoatchilik, xususan boshqa bloger va internet foydalanuvchilari tomonidan keskin e’tirozlar, tahdidlar yuzaga kelmoqda», — deyiladi bayonotda.

Yakshanba kungi voqealardan oldin (shu kuni poytaxt markazida LGBTga qarshi ruxsatsiz aksiya bo‘lib o‘tdi, unda bir necha kishini kaltaklashga urinishlar bo‘lgan, shuningdek Miraziz Bozorov qattiq kaltaklandi) AOKA bunday voqealarning oldini olish maqsadida choralar ko‘rganligini ma’lum qildi.

«Agentlik mazkur holatlarni avvaldan tartibga solish maqsadida Facebook va Telegram axborot resurslarida 200 dan ziyod o‘ldirish, zo‘ravonlik ishlatish tahdidlari yozilgan postlar hamda izohlar mavjud bo‘lgan 54 ta veb-saytlar, veb-sahifalar ma’murlari, blogerlarga LGBT va boshqa shu kabi nomaqbul oqimlar faoliyatini bilib-bilmasdan targ‘ib qilish, noqonuniy ko‘cha yurishlariga chorlashni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy xabarnomalar yubordi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, M.Bazarovning xatti-harakatlari yuzasidan huquqiy baho beruvchi Axborot va kommunikatsiyalar sohasidagi ekspert komissiyasining alohida xulosasi tayyorlandi, deb xabar bermoqda AOKA.

Shuningdek, «jamiyat hamda internet faollari, ayrim bloger va jurnalistlarning holat yuzasidan bildirgan pozitsiyalari bo‘yicha xulosalar shakllantiriladi».

Mazkur xulosalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilikka zid holatlarni bartaraf etish yuzasidan choralar qo‘llashda foydalanish uchun yuboriladi, deydi AOKA.

«Agentlik barcha blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar faollaridan jamiyat orasida adovat qo‘zg‘atuvchi, turli xil nopok g‘oyalarni ilgari suradigan material va postlarni tarqatishdan tiyilishni so‘raydi», — deyiladi bayonotda.

«Internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolar orasiga nizo solish, zo‘ravonlikka chaqirish, g‘azabga keltirish va tartibsizliklarni uyushtirish bilan shug‘ullanib, g‘ayriqonuniy harakatlarni sodir etganlar belgilangan tartibda jazoga tortiladi», — deyiladi AOKA xabarida.