Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov «barcha OAV, blogerlarni LGBT mavzusini tinimsiz yoritishni to‘xtatishga» chaqirdi.

«Bu masalaning hadeb muhokama qilinishi odamlarning etini o‘ldiradi. O‘ta yoqimsiz mavzuni oddiy holdek qabul qila boshlaymiz, bu ketishda. Aslida, bunaqa gaplar odam eshitganda seskanadigan darajada kam quloqqa chalinishi kerak. Ommaviy muhokama kimlarningdir (ayniqsa, ruhiyati to‘liq shakllanmagan o‘smir-yoshlarning) beixtiyor qiziqishini oshiradi. Natijada, ushbu yaramas holat jamiyat ongiga kishi bilmas singdiriladi. Aqlni ishlataylik, provokatsiyalarga berilmaylik» — deb yozadi u.

Komil Allamjonov ta’kidlashicha, «xorijiy tashkilotlar O‘zbekiston yoki boshqa har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerak».

«Albatta, inson huquqlari muhim masala va har bir fuqaro yurish-turishidan qati nazar, davlat himoyasida bo‘ladi. Lekin asosiy qismini musulmonlar tashkil etgan bizning yurtda g‘ayritabiiy erkak va ayollarni jamiyat qabul qilmaydi! Muqaddas Islom dinimiz, madaniyatimiz bunga yo‘l qo‘ymaydi», — dedi u.

«Mana, Bozorov misolini olaylik, o‘ylab-o‘ylamay gapirishning o‘zi qanday oqibatlarga olib keldi?!
Aslida, bizniki kabi davlatlarda besoqolbozlikka qarshi qonunlar yengillashtirilsa ham jamiyat buni qabul qilmaydi va bu quruq qog‘ozda qolib ketaveradi», — ta’kidladi Komil Allamjonov.

«Chunki, jazo bekor qilinib, bunday toifalar bemalol ko‘cha-ko‘yda o‘zini ko‘rsata boshlasa, „samosudlar“ ko‘payib ketishi mumkin. Rasmiy jazo belgilanmagan taqdirda ham, musulmonlardan iborat jamiyat ularni baribir qo‘ymaydi. O‘z-o‘zidan kichik betartibliklar katta muammolarni keltirib chiqaradi. Shuning o‘zi — hamma savolga javob bo‘lishi kerak!», — deb hisoblaydi prezidentning sobiq matbuot kotibi va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) sobiq rahbari.

«Demokratiya so‘zining tub ma’nosi — xalq hokimiyati, degani. Modomiki, xalqning asosiy qismi nimagadir qarshi ekan, demak, uning xohish-tanlovini inobatga olish shart, ana shu — demokratiya!» — deb yozadi Komil Allamjonov.

Uning fikriga ko‘ra, «bo‘lib o‘tgan voqealarning sababchilari — blogerlar faoliyatiga» AOKA qonuniy baho berishi va qonunni buzgan barchaga jazo qo‘llanilishi zarur.

«Men har qanday noqonuniy namoyishlar hamda bezorilikni keskin qoralayman», — ta’kidlab o‘tdi Komil Allamjonov.