29−31 mart kunlari Vengriya bosh vaziri Viktor Orban O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov poytaxtda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning ta’kidlashicha, «bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi».

«Savdo-iqtisodiy aloqalar haqida gapirganda, so‘nggi 4 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi deyarli 3 barobarga oshgan. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, o‘tgan yili ham tovar ayirboshlash samarali bo‘lib, hajmi ancha ko‘paygan. Albatta, hozirgi natijalar mavjud salohiyatga nisbatan ancha kam. Tashrifdan asosiy maqsad ham tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish. Qayta ishlash sanoatida, qishloq va suv xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm yo‘nalishlarida hali foydalanilmagan juda katta imkoniyatlarimiz bor», — dedi Asadov.

Qayd etilishicha, «bugun Toshkentda O‘zbekiston-Vengriya ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi».


«Yig‘ilishda Vengriyaning 40 dan ortiq yirik kompaniya va moliyaviy tuzilmalarining rahbarlari qatnashib, o‘zaro manfaatli loyihalarni o‘zbekistonlik hamkorlari bilan birga ishlab chiqishadi. Bundan tashqari, Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, jumladan, qishloq xo‘jaligi sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini qo‘llash mo‘ljallangan. Shu maqsadda Vengriyadan yuqori malakali ekspertlar guruhi bugun kelishi ham kutilmoqda», — dedi prezident matbuot kotibi.

Tashrif yakunida iqtisodiyot, energetika, ta’lim va kadrlar tayyorlash, madaniyat, hududlararo hamkorlik, bandlik va mehnat munosabatlari sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Bosh vazir Viktor Orbanning ilmiy tadqiqot va tarixiy ob’ektlar bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) videoanjuman shaklida o‘tadigan norasmiy sammitida ham qatnashadi.

Qozog‘iston tashabbusi bilan chaqirilayotgan bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvda Turkiy kengash doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2009 yil 3 oktyabr kuni tashkil etilgan kengashga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya a’zo. Bundan tashqari, Vengriya Turkiy kengash ishida kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi bu kengashga 2019 yilda qo‘shilgan. O‘sha yili 15 oktyabrda Bokuda bo‘lib o‘tgan sammitda O‘zbekiston ilk bor to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etgan.


«Bo‘lajak norasmiy sammit 31 mart kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Anjuman o‘sha kuni, faqat butun dunyoda epidepiologik vaziyat tufayli videokonferensiya shaklida o‘tkazishga kelishib olindi», — dedi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari o‘z nutqida birlashmaga a’zo mamlakatlarning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishga doir tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

Turkiy tilliy mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar va ishonchni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish tashkilotning asosiy maqsadlari hisoblanadi.

Turkiy kengashning oliy organi — Davlat rahbarlarining kengashi, doimiy faoliyat yurituvchi ijro organi — Istanbul shahrida joylashgan Kotibiyat.

Bundan tashqari, TTDHK shafeligida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi (TurkPA) va Turkiy madaniyat va meros fondi, Xalqaro Turkiy akademiya va Ishbilarmonlar kengashi faoliyat yuritmoqda.

Brifingda «kelgusida ham ushbu formatda OAV vakillari bilan uchrashuvlar davom etishini» ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati rahbarining brifinglari Komil Allamjonov davrida amalga oshirilar edi. O‘shanda matbuot kotib davlat rahbarining xalqaro va mahalliy tashriflari, muhim uchrashuvlar haqida axborot (1, 2, 3) berar edi. Uning lavozimdan ozod etilishi bilan OAV vakillari uchun o‘tkaziladigan brifinglarda ham to‘xtab qoldi.

Komil Allamjonov 2017 yilning dekabrida O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan edi. U qariyb bir yil mobaynida, 2018 yilning noyabriga qadar mazkur lavozimda faoliyat yuritdi.

Prezident o‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi davomida Sherzod Asadovni prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari — prezident matbuot kotibi lavozimiga tayinlagan edi.