Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbayev, Sherbek Bo‘ronov, Gulbahor Saydg‘aniyeva va Gulruh Agzamova 28 mart kuni O‘zbekistonda bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lgan yoshlarning Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboniga ruxsatsiz yig‘ilgani, shuningdek, bir jinsli munosabatlarni qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi o‘z munosabatlarini bildirdi.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev 28 mart kuni telegram-kanalida ushbu hodisani «so‘z erkinligi chegarasining ochiq buzilishi va aholi o‘rtasida kelishmovchiliklar yaratishga urinish» deb atadi.

«So‘z erkinligi shuki, bunda siz eshitishni istamagan shaxslarning fikriga qo‘shilmasangiz ham unga toqat qilish va pozitsiyangizni g‘oyalar bahsida himoya qilishdan iborat. Va bu hech qachon shaxsiyatga o‘tish yoxud „provakatsiya“ orqali kuch ishlatishga olib kelishi kerakmas. Agar bu chegarani buzsangiz, demak, so‘z erkinligi siz uchunmas. Aynan shu nuqtada so‘z erkinligining chegarasi tugaydi. U yog‘i esa qonunan javobgarlikka sabab bo‘luvchi tartibsizlik va haqoratga olib borishi mumkin», — deb yozadi deputat.

«Agarki, jamiyat buni qabul qilolmasa, demak, so‘z erkinligi tushunchasini anglash va undan foydalanishga ma’nan haqli emas», deb qo‘shimcha qildi Rasul Kusherbayev.

U ilgari aytilgan pozitsiyani qayta takrorladi: «LGBT masalasida jamiyatning aksari fikr orqali o‘z pozitsiyasini bildirmoqda. Tabiyatan ayol va erkak sifatida dunyoga kelib, tabiiy ravishda umr kechirayotgan saylovchilarimning fikri hamda o‘zimning shaxsiy qarashlarimdan kelib chiqib, men ham bunga o‘z munosabatimni bildirdim: LGBT masalasiga qarshiman», — deb yozdi parlament a’zosi.

«Biroq biz hech bir harakatimizda bunga nisbatan kuch ishlatish yoxud tartibsizlik qilishga chaqirmadik. Biz o‘zimizga yoqmasa ham uni mustaqil fikr sifatida toqat qilib, tinglashga burchlimiz», — dedi Rasul Kusherbayev.

«Chunki fuqarolik jamiyatida fikrlar xilma-xil bo‘lishini tabiiy qabul qilamiz. Va buni fuqarolik jamiyati sharoitidagi jamoatchilik nazoratining muhim instrumenti sifatida bilamiz. Bu insturmentga putur yetishini istamaymiz», — deya qo‘shimcha qildi deputat.

Shuningdek, u biz eshitishni istamagan muammolar kuch ishlatish yo‘li bilan hal qilinmasligini aytib o‘tgan.

«Bir haqiqat aniq: biz eshitishni istamagan fikr va qarashlar, muammoli masalalar hech qachon kuch ishlatish va tartibsizlik qilish yo‘li bilan hal qilinmaydi. Shu bois, bo‘lib o‘tgan tartibsizlikni jamiyatning ongli a’zosi sifatida hech qachon oqlay olmayman. Va barchani „olomon jamiyat“ qiyofasini ko‘rsatmay, muammolarni bosiqlik bilan „dialog“ orqali hal etadigan madaniyatli mamlakat fuqarolari sifatida namoyon qilishga chaqirib qolaman. Biz asli bunday emasmiz-ku!» — dedi Rasul Kusherbayev.

U tartibbuzar va provokatorlarga qarshi qonuniy choralar ko‘rishga chaqirdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Sherbek Bo‘ronov ijtimoiy tarmoqlarda LGBT masalasini ko‘tarilishini «uyushtirilgan» deb atadi, «chunki shu holatdan keyin poytaxtimizda bir guruh yoshlarning noqonuniy chiqishlari ro‘y berdi» deb yozadi deputat.


«LGBT masalasining ijtimoiy tarmoqlarga muhokamaga ko‘tarilishi ham uyushtirilgan voqeaga o‘xshayapti. Chunki shu holatdan keyin poytaxtimizda bir guruh yoshlarning noqonuniy chiqishlari ro‘y berdi. Bu o‘rinda asl reja kimningdir huquq va manfaatini himoya qilish emas, balki hayotiy pozitsiyasi, diniy tafakkuri shakllanib ulgurmagan yoshlarning hissiyotlarini junbushga keltirish orqali ularni noqonuniy harakatlarga undash, mamlakatimizdagi ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazishdan iborat bo‘lishi mumkin», — deydi Bo‘ronov.

U qonun bilan taqiqlangan va fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan har qanday harakatlarga qarshi ekanligini bildirdi.

«LGBT masalasi qonunchiligimizga ham, xalqimiz e’zozlaydigan qadriyatlarga ham, muqaddas dinimizga ham zid narsa. Shaxsan men bu yo‘nalishda qonunchilikdagi taqiqlar bekor qilinishiga qarshiman. Eng avvalo saylovchilarmizning xohish-istaklaridan kelib chiqib bu pozitsiyani ilgari surmoqdamiz», — deydi Sherbek Bo‘ronov.

«Adolat» SDP vakili Gulbahor Saydg‘aniyevaning yozishicha, qadimgi milliy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan xalqimiz inson ma’naviyatiga yot g‘oyalarni targ‘ib qilishiga toqat qilmaydi.

«So‘nggi kunlarda Toshkentda yuz bergan voqealar har bir fuqaroni bee’tibor qoldirmagani aniq. Albatta, qadimiy milliy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiya topib kelgan xalqimiz inson ma’naviyatiga yot g‘oyalar targ‘ibotiga toqat qilolmaydi».

U so‘z erkinligidan jiddiy masalalarni ko‘tarib chiqishda foydalanish kerakligini aytib o‘tdi.

«So‘z aytishning mas’uliyati bor. So‘z erkinligidan jiddiy ijtimoiy masalalar, muammolarni ko‘tarib chiqish uchun foydalanilsa, xalqning hayot farovonligiga xizmat qiluvchi masalalar yechimi bo‘yicha fikr bildirilsa, albatta, jamiyatimiz rivojlanadi. Biroq ko‘rib turganimiz holatlarda so‘z erkinligini suiste’mol qilish jamiyatda yomon illatlarning urchishiga, muvozanat buzilishiga, aholining keskin noroziliklari ortishiga olib keladi. Biroq ko‘rib turganimiz holatlarda so‘z erkinligini suiiste’mol qilish jamiyatda yomon illatlarning urchishiga, muvozanat buzilishiga, aholining keskin noroziliklari ortishiga olib keladi.

Bu jarayonga munosabat bildirganda yurtdoshlarimizdan hissiyotga berilmasdan, aql yuritib ish tutishlarini so‘ragan bo‘lardim", — deydi u.

«Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi Gulruh Agzamova Yevropadan kirib kelayotgan «ommaviy madaniyat» tarqalishining oldini olish uchun ma’rifiy va ma’naviy choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi.


«So‘nggi yillarda Yevropadan kirib kelayotgan „ommaviy madaniyat“ va uning yoshlar o‘rtasida keng tarqalayotgani tez-tez tilga olinar, mentalitetimizga yod bo‘lgan bu kabi holatlar tan-jonimizga urchib ketmasligi uchun ma’rifiy-ma’naviy choralar bilan oldini olishga harakat qilinardi. Eng e’tiborlisi, o‘zligimizni saqlash maqsadida yoshlarning o‘zi shaxsiy namuna harakatini boshladi», — deydi u.

Shuningdek, deputat bir jinsli nikohni qonuniylashtirish tarafdorlariga «belingda belbog‘ing bormi?» deya murojaat qildi.

«Besoqolbozlarni-ku xudo urib bo‘libdi, lekin ularning targ‘ibotiga, bir jinsli nikohlarni qonuniylashtirish da’vatiga «labbay» deb javob berib, ularning tarafdori bo‘lganlarni nima jin urdi?! Belingda belbog‘ing bormi, la’natilar?!

U qonun barcha uchun barobarligini aytib o‘tdi.

Zero, qonun hamma uchun barobar. O‘z «huquqingni» deb, o‘zgalar huquqiga ziyon yetkazdingmi, behurmat qildingmi, albatta, qonun oldida javob berasan. Respublikamizning asosiy qomusidan boshlab amaldagi barcha normativ-huquqiy hujjatlarda inson haq-huquqlari qonun bilan himoyalangan. Xususan, so‘z erkinligi, axborot olish va tarqatish, namoyishlar uyushtirishlar ham normativ aktlarda o‘z aksini topgan. Lekin qonunlarda belgilangan talablar buzilsa, tegishli moddalarga zid xatti-harakatlar amalga oshirilsa, qonunbuzarlarga nisbatan qonuniy choralarning ko‘rilishi muqarrardir.

«Yana bir masala. Agar siz, g‘ururi baland zamondoshim, yuqoridagi holatlarga „erkakchasiga“ chora ko‘rmoqchi, ya’ni „samosud“ orqali bu kabi jirkanchlikka qarshi kurashmoqchi bo‘lsangiz, siz ham qonun oldida javobgarlikni unutmang», — deydi Gulruh Agzamova.

Eslatib o‘tamiz, 28 mart kuni Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tgan va unda 12 nafar fuqaro qo‘lgan olingan edi. Aynan shu kuni bahsli va tanqidiy bayonotlari bilan tanilgan Miraziz Bozorov 3 nafar noma’lum shaxslar tomonidan qattiq kaltaklangan. Shundan so‘ng, IIV fuqarolarning «provokatsiyalarga berilmaslikka» chaqirgan edi.