27 fevral kuni soat 20:50 larda Yunusobod tumani, Injobod ko‘chasi, 61-uyda ijarada yashab kelgan TATU 2-bosqich talabalari M.U., R.S., D.G‘. va Singapur instituti 2-bosqich talabasi O.I. hamda «Inxa» universiteti 1-bosqich talabasi S. X., larning murdasi noma’lum moddadan o‘tkir zaharlanish alomatlari bilan topilgan edi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» bandi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) alomatlari bilan ish ochilgan edi. Talabalarning aynan nima sababdan vafot etgani dastlabki davrda ularning yaqin qarindoshlariga ham ma’lum qilinmagan edi.

Yunusoboddagi mazkur fojea yuzasidan «Daryo» nashri tafsilotlarni ochiqlashni so‘rab Bosh prokuratura matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Xabarga ko‘ra, voqea joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlari Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik xizmati tomonidan tekshirishdan o‘tkazilgan. Xonadon egasi G. M. vafot etganlar bilan birga ijarada yashagan N.A. «Bunyodkor-dudbo‘ron xavfsizligi» kompaniyasining dudbo‘ronlar pechka ustasi Z.X. batafsil so‘roq qilingan.

Bundan tashqari, 26 fevral kuni soat 22:00 dan 27 fevral kuni soat 9:00 oralig‘ida Injobod ko‘chasidagi uyga qanday kuchlanishda tabiiy gaz yuborilgani va odatiy kunda tabiiy gaz kuchlanishining miqdori haqida «Hududgazpoytaxt» dan hamda Gidrometeorologik xizmatidan shu vaqt oralig‘ida bo‘lgan ob-havo ma’lumotlari olingan.

Ma’lumotga asosan, beshala yigitning bari «is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasidagi o‘tkir nafas va yurak qon tomirlari yetishmovchiligi» oqibatida vafot etgan. Bu Respublika sud tibbiyot ekpertiza ilmiy-amaliy markazining 15-martdagi yakuniy xulosalari bilan tasdiqlangan.