2021−2022 o‘quv yilida OTMlarga qabulning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Davlat buyurtmasi parametrlari doirasida yoshlarni oliy ta’limga qamrab olishni kengaytirish, davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlarini 2020−2021 o‘quv yiliga nisbatan 25 foizga oshirilgan holda belgilanishi kutilmoqda.

Jamiyatda ayollar rolini oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun «ijtimoiy lift» tamoyili asosida xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish maqsadida alohida grant o‘rinlari ikki barobarga oshiriladi.

OTMlarga o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish bo‘yicha kadrlar buyurtmachilari ehtiyojlarini «quota.idm.uz» elektron portali orqali aniqlanadi.

Vazirlik va idoralar, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashda davlat grantini nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ham beriladi.

Oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlari tuman (shahar)lar kesimida taqsimlanadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalariga Davlat buyurtmasi parametrlari:

bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

  • kunduzgi ta’lim shakliga — 115 343 nafar (shundan grant — 29638 nafar, kontrakt — 85705 nafar);
  • sirtqi ta’lim shakliga — 36 211 nafar;
  • kechki ta’lim shakliga — 6 325 nafar.

magistrlar tayyorlash bo‘yicha — 12 914 nafar (shundan grant — 7068 nafar, kontrakt — 5846 nafar);

  • nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlari 56 nafar.

Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga 2000 nafar qo‘shimcha davlat granti ajratish taklif etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilning 23 yanvarida Hukumat qarori bilan Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant asosida OTMga kirish tartibi belgilangan edi. Unga ko‘ra, tavsiyanoma oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi. O‘tgan o‘quv yili uchun Respublika bo‘ylab jami 940 nafar xotin-qizga tavsiyanoma ajratilgan edi.