Ichki ishlar vazirligi 28 mart, yakshanba kuni Toshkent markazida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar bo‘yicha rasmiy munosabati bayon etilgan videoni e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Amir Temur maydoni yonida 12 nafar namoyishchi hibsga olingan. Ular LGBT faollari deb hisoblagan yoshlarga qarshi chiqishgan. Namoyishchilarga nisbatan «bezorilik» moddasi bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.

«Oxirgi kunlarda Bozorov Miraziz ismli fuqaro o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahridagi „Hazrati Imom“ masjidi oldida va Amir Temur xiyobonida noan’anaviy jinsiy qarashlarga ega shaxslar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan. Ta’kidlash kerakki, Bozorov bundan avval ham bir necha bor jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, millatimizga xos bo‘lmagan xurmacha qiliqlari aks etgan video lavhalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, o‘zining buzuq xulq-atvorini ommaga namoyish qilib kelgan», — deyiladi IIV taqdim etgan videoda.

«Natijada, 28 mart kuni uning nomaqbul chaqiriqlarini o‘zlariga nisbatan haqorat deb hisoblagan bir guruh fuqarolarimiz bu holat yuzasidan o‘z fikr va qarashlarini bildirish maqsadida Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga to‘planishdi. Buning oqibatida mazkur shaxslar tomonidan ommaviy tartibsizlik sodir etilib, jamoat xavfsizligiga putur yetkazilgan. O‘z navbatida huquq-tartibot organlari tomonidan mazkur tartibsizlik keskin bartaraf etilib, huquqbuzarlik keltirib chiqargan shaxslar qo‘lga olingan», — deb aytildi bayonotda.

Ushbu videoda bir necha yuzlari yashiringan kishi nutq so‘zlamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ular ruxsatsiz namoyishlarning ishtirokchilari bo‘lishgan.

«Bu odamning gaplariga e’tibor bermanglar. Bunaqa fitnalarga uchish kerakmas ekan. Mana biz aldandik, ko‘rdik kimligini. Aql bilan ish qilish kerak ekan», — deydi fuqarolardan biri.

«Bu ma’lumot ishonchli emas ekan. Kim nima desa ketavermaslik kerak. Hamma narsani qayta tekshirish kerak ekan», — deya ta’kidladi yana bir fuqaro.

«Ichki ishlar xodimlari ham aytishyapti bu narsani. O‘zimizga yarasha tushundik. Shunga qarab xulosa qilamiz», — dedi aksiya ishtirokchilaridan biri.

«Bizga bu yerda hamma narsani tushuntirishdi. Ko‘p narsalarnni bilmas ekanmiz. Birinchi o‘rinda qonunni bilmas ekanmiz. Ozgina tezlik, yoshlik qilib qo‘ydik», — deya tan oldi qo‘lga olingan fuqarolardan biri.
«Bu tartibsizlikning oldi olinganidan, xalq tinchligidan xursandmiz. Huquq-tartibot xodimlari vaziyatni tinchlantirishda o‘z vazifalarni bajarishdi. Har qanday holatda ham qonuniy harakat qilish kerak ekan, degan xulosaga keldim».

«Bolalarga aytamanmi, „bu yerga kel gaplashamiz“, „yana nimadir qilamiz“, „kelinglar gaplashamiz“, degan fitna gap bo‘lsa, shoshqaloqlik qilish kerakmas ekan. Iloji bo‘lsa egalariga, organ xodimlariga topshirish kerak ishni».

«Mana shunday yig‘ilish qilmoqchi bo‘lganlarga aytaman, birinchi o‘rinda manga o‘xshab qonuniy tarafini o‘rganmasdan bormanglar. Besoqolbozlikka jinoiy javobgarlik bor ekan. Yana bir narsani aytmoqchiman, bunday joylarga umuman bormanglar. Buni boshimdan o‘tkazdim: faqat xabar tarqatadi-yu, lekin o‘zlari kelmaydi».

«Qilgan xatti-harakatimiz noto‘g‘ri ekan. Besoqolbozlikka davlat tomonidan choralar bor ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar kelsa, ularning fitnasiga uchib o‘tirmanglar».

Shuningdek, IIV videosida:

«Ta’kidlash lozimki, Bozorov ilgari ham o‘ziga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan e’tirozlarga javoban, o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatib, O‘zbekiston noan’anaviy qarashlarga ega shaxslarga nisbatan go‘yoki bosim o‘tkazilayotganiligiga xorijiy davlatlarning vakillari va xalqaro tashkilotlarning e’tiborini qaratishga urinib kelgan. Buzg‘unchi tashqi kuchlar va g‘araz niyatdagi turli xalqaro nohukumat tashkilotlar ko‘magi va qo‘llovi ostida harakat qilayotgan ushbu shaxs besoqolbozlik va shu kabi salbiy illatlarning O‘zbekiston qonunchiligida ta’qiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, uni ommaviy targ‘ib qilishga harakat qilgan va fuqarolarda norozilik, toqatsizlik kayfiyati shakllanishiga sabab bo‘lgan», — deyiladi.

Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, «ushbu harakatlar huquqiy bilimi sayoz va hissiyot ortidan quvishga moyil fuqarolarimiz tomonidan qonunga zid harakatlarni sodir etib, o‘zboshimchalik va tartibsizlik sodir etishlariga zamin yaratgan».

Videoda yana yuzlari yashiringan fuqarolarning so‘zlari ko‘rsatildi.

«Aralashish kerak emas. Ularga chora ko‘radigan insonlar bor, o‘zlariga qo‘yib beraylik».

«Ukam bu yerda kimlarningdir gapiga uchib, kerak bo‘lmagan ishni qilgan. Ota-onalarni, yoshlarni ogohlikka chaqiraman. Yo‘q narsalarning ortidan yurmanglar. Har xil manba, ma’lumotlarga uchmanglar. Bu noto‘g‘ri. Bunga mas’ul shaxslar bor. Ogoh bo‘lishingizni so‘rayman!»

«Ota-onalar sal qattiqroq bo‘lishi kerak. Bolalariga qattiq bo‘lmaganligi uchun shunday bo‘lmoqda. O‘zining axmoqligi o‘zining boshiga».

«Yoshlarga maslahatim bo‘lar-bo‘lmas provokatsiyalarga ilinavermanglar. Turli ijtimoiy tarmoqlarda odamni chalg‘itib, hayot tarzidan chetga olib, kerakmas yo‘llarga solishmoqda. Kattalarga maslahatim yoshlarni yo‘lga solinglar».

«Har bir xabarni tagiga yetib keyin shunga qarab ish qilishni maslahat beraman. Bu juda ham afsuslanarli, yomon natijalarga olib kelishi mumkin ekan».

Hozirda tartibsizlik yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Dushanba, 29 mart kuni poytaxt IIBB o‘tgan tunda bir guruh noma’lum shaxslar tomonidan Miraziz Bozorov kaltaklangani haqida xabar qilgan edi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ruxsatsiz ommaviy tadbirlar to‘g‘risida bir qator moddalar mavjud: 200−1-modda (ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarini buzish), 201-modda (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha kortejlarini tashkil etish, o‘tkazish tartibini buzish yoki namoyishlar), 202-modda (ruxsatsiz yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha kortejlari va namoyishlarini o‘tkazish uchun sharoit yaratish).