28 mart kuni mamlakat bo‘ylab kuzatilgan yog‘ingarchilik ayrim viloyatlardagi hududlar sel ostida qolishiga olib keldi.

27 mart kuni FVV respublika bo‘ylab sel xavfi bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Namangan (19%), Farg‘ona (14%), Surxondaryo (13%), Toshkent (12%), Samarkand (12%) va Qashqadaryo viloyatlari (12%) hududlari suv toshqini-sel xavfi mavjud hududlardan hisoblanadi, deyilgandi xabarda.

«Daryo» nashrining yozishicha, yog‘ingarchilik Samarqand va Navoiy viloyatlarida ko‘plab noqulayliklar keltirib chiqargan.

Samarqand viloyati

Viloyatning Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Paxtachi, Qo‘shrabot tumanlarida sel kelishi holatlari kuzatilgan.

Kattaqo‘rg‘on tumanining Oltinsoy, Jarboshi, Moybuloq qishloqlariga katta sel kelgan. «Hammaning uyi suv ostida qoldi… Suv borgan sari ko‘payyapti», — deydi tumandagi sellardan birini videoga olgan fuqaro. Sellar oqibatida mashinalar ham oqib ketgani aytilmoqda. «Bunaqangi sel tarixda bo‘lmagan», deydi mahalliy aholi.

Payariq tumanida sel oqibatida ko‘priklar buzilgani, sohilning narigi tomoniga o‘tish imkoni yo‘qligi aytilmoqda.

Ishtixon tumanida katta sel kelib, uzumzorlarni bosib ketgani, uylarga ham sel chiqqani aytilgan.

Quyida Paxtachi va Qo‘shrabot tumanlarida ham katta sel kelgani aks etgan videolarni ko‘rish mumkin.

Navoiy viloyati

Viloyatning Nurota, Xatirchi va Karmana tumanlarida sel kelishi va suv to‘planishi holatlari qayd etilgan.

Nurota tumanida sel tirkamasida odam bo‘lgan mashinani oqizib ketgan.

Quyida Xatirchi va Karmana tumanlaridagi toshqin holatlarini ko‘rish mumkin.

Navoiy viloyati hokimligi hamda viloyat FVB sel fuqarolarga va binolarga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatilmaganini ma’lum qildi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, shu kuni soat 09:20 dan 09:35 qadar kuzatilgan yog‘ingarchilik oqibatida viloyatning Navoiy shahri Karmana va Xatirchi tumani hududidagi ayrim yo‘l va aholi tomorqalariga suv to‘plangan. Jumladan, Karmana tumanida 21 ta hovli tomorqalariga, Xatirchi tumanida 15 hovli tomorqalariga suv kirishi hamda Navoiy shahri markaziy dehqon bozori hududida suv to‘planishi kuzatilgan.

«Yuzaga kelgan vaziyatlar oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lgan fuqarolar yo‘q. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berib boriladi», — deyiladi bayonotda.