Xitoyda Shinjon paxtasidan voz kechgan H&M do‘konlari yopilmoqda

Xitoyda Shvetsiyaning Hennes & Mauritz AB (H&M) kompaniyasining kamida oltita kiyim do‘koni ijaraga beruvchilarning qarori bilan yopildi. Gap Urumchi, Inchuan, Chanchun va Lyanyungan shaharlaridagi tarmoq do‘konlari haqida ketmoqda. Mahalliy OAV H&M do‘konlarining aksariyat qismi yopilganligi haqida xabar bermoqda. Savdo markazlari operatorlarining aytishicha, H&M Xitoyga hurmatsizlik qilganligi sababli ijaraga beruvchilar do‘konlarni yopishga qaror qilishgan. Avvalroq kompaniya Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududidagi majburiy mehnat to‘g‘risidagi xabarlarga havola qilib, XXR muxtoriyatida ishlab chiqarilgan paxtani sotib olmasligini ma’lum qildi. Nashrning yozishicha, do‘konlarning yopilishi H&M biznesiga tahdid solmoqda. Xitoy Germaniya, AQSH va Buyuk Britaniyadan keyin to‘rtinchi yirik chakana savdo bozoridir. 2020 yilda Xitoy savdo ulushining 5,2 foizini tashkil qildi.

Boshqa g‘arbiy brendlar, shu jumladan Nike Inc. va adidas AG ham Shinjon paxtasini ishlatmaslikka va’da berishdi, ammo H&M bayonoti Kommunistik Yoshlar Ittifoqi va Xitoy Xalq-ozodlik armiyasining tanqidiga sabab bo‘lganidan keyin jiddiy oqibatlarga duch keldi. Mamlakatdagi kompaniya do‘konlari Apple Maps va Baidu Maps navigatorlarida ko‘rinmay qoldi. Bundan tashqari, H&M Xitoyning eng yirik elektron tijorat maydonchalaridan olib tashlandi. Nemis markasi Hugo Boss AG dastlab Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida avtonom hududdan paxtani sotib olishni davom ettirishini yozgan edi. Biroq keyinchalik kompaniya izoh tasdiqlanmaganligi va olib tashlanganligini aytgan. — Bloomberg.


Venesuela vaksinalar evaziga neft taklif qildi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro COVID-19ga qarshi vaksinalar uchun neft yetkazib berish bilan to‘lashni taklif qildi. “Venesuelada neft kemalari bor va bizning neftimizni sotib oladigan mijozlar bor. Biz vaksinalar evaziga neft yetkazib berishga tayyormiz, ammo biz hech kimga yalinmaymiz”, dedi prezident. Ayni paytda mamlakat Rossiya va Xitoydan vaksinalarni qabul qilmoqda. 24 mart kuni ijrochi vitse-prezident Delsi Rodriges mamlakatning xorijiy banklardagi hisob raqamlarida qariyb 7 mlrd dollar borligini, ularning bir qismi respublika rahbariyati vaksinalar sotib olishga sarflashni rejalashtirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, pullarni qaytarib olish to‘g‘risidagi talablarga javoban, davlatlar banklari muxolifat yetakchisi Xuan Gaydoni prezident deb tan olganliklari, ular operatsiyalarni “hukumatning ko‘rsatmalari” asosida olib borolmasligini aytishgan. — Interfaks.


COVID-19 ko‘rshapalaklardan odamga yuqish ehtimoli yuqori — JSST

JSST mutaxassislari va xitoylik olimlarining qo‘shma tadqiqot natijalariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasining boshlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan ssenariy — SARS-CoV-2 virusi ko‘rshapalaklardan odamga boshqa vositachi hayvon orqali o‘tgan degan xulosaga kelishdi. Hujjat mualliflari maxfiy laboratoriyadan virus tarqalishi ehtimoli juda past deb atashdi. AR ekspertlarning xulosalarini kutilgan deb atadi va ularning hisobotida ko‘plab savollar borligini ta’kidladi. Agentlikning yozishicha, uning nashr etilishi bir necha bor orqaga surilib, Xitoy tomoni missiyaning xulosalarini buzib ko‘rsatishga urinishi mumkin bo‘lgan. SARS-CoV-2ning eng yaqin qarindoshi koronaviruslarning ma’lum tashuvchisi bo‘lgan ko‘rshapalaklardan topilgan. Biroq, olimlarning fikriga ko‘ra, ushbu shtammlar orasidagi evolyutsion masofa bir necha o‘n yillar davomida sodir bo‘lgan. Shu asosda, virus oraliq tashuvchidan o‘tganini ta’kidladilar. Hisobotda shunga o‘xshash viruslar pangolinlarda ham topilgani, shuningdek, virusni COVID-19 bilan yuqtirgan qorakuzan va mushuklar ham bo‘lishi mumkinligi aytildi.

Hisobot Uxan shahrida yanvar oyining o‘rtalaridan fevral oyining o‘rtalariga qadar ishlagan missiya natijalariga asoslangan. Missiya rahbari, JSST mutaxassisi Piter Ben Embarek 26 mart kuni hisobot tuzilib bo‘lgani, hozirda u tarjima qilinayotgani va tekshirilayotganini aytdi. — AR.


AQSH COVID-19ga qarshi emlash sertifikatlari ustida ish boshladi

Oq uy ma’muriyati amerikaliklar emlanganligi isboti sifatida COVID-19 emlash pasportlarini yaratmoqchi. Nashrning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus asosan AQSH Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish vazirligi bo‘linmalari, shu jumladan sog‘liqni saqlash sohasidagi axborot texnologiyalari bo‘limi tomonidan ko‘tarilgan. Pasportlar bepul bo‘lishi kutilmoqda. Ularni maxsus smartfon ilovalaridan yuklab olish mumkin bo‘ladi. Ishlab chiquvchilar smartfonlari bo‘lmagan fuqarolar ularni bosib chiqarishlari mumkinligini ta’kidladi. The Washington Post xabariga ko‘ra, Bayden ma’muriyati ushbu oyda kamida 17ta emlash pasporti tashabbusini qabul qildi. O‘z takliflarini ilgari surgan tashkilotlar orasida JSST va IBM bor. — The Washington Post.