28 mart kuni taxminan soat 22:45 larda Mirobod tumani Afrosiyob ko‘chasidagi uy oldida 3 nafar noma’lum shaxslar Miraziz Bozorovni urib tan jarohatlari yetkazgan. Toshkent shahar IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qilganlar voqea joyidan noma’lum tarafga yashiringan.

30 yoshli Miraziz Bozorov olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu fuqaroda bosh miya ochiq va yopiq jarohatlari, o‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, ko‘krak qafasi va qorin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, o‘ng oyoq boldir suyagi ochiq sinishi jarohatlari qayd etilgan.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi «i» bandi («qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Miraziz Bozorovga nisbatan tan jarohatlari yetkazgan noma’lum shaxslarni aniqlash maqsadida tergov-tezkor guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu kuni bahsli va tanqidiy bayonotlari bilan tanilgan Miraziz Bozorov anime (yapon animatsiyasi) va K-pop (koreys pop musiqasi) muxlislarini soat 15:00da Amir Temur maydoniga yig‘ilishga chaqirgan edi.

Shu kuni, Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi. O‘nlab erkaklar Forumlar saroyi qarshisida yo‘lning harakat qismida yurib, «Allohu akbar!» deb takbir aytgan. IIBB 12 kishining qo‘lga olingani haqida xabar bergan. Internetda yigit va qiz kaltaklanganligi to‘g‘risidagi videoyozuvlar tarqaldi.

Avvalroq Bozorov internetda unga nisbatan ta’qib va «jazolash» bo‘yicha chaqiriqlar bo‘lganligi, shuningdek uning shaxsiy ma’lumotlari e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.