21 mart kuni Navoiy viloyati Navbahor tumani «Sovungar» mahallasida yashochi ayol qizlari bilan birgalikda poyezd ostiga o‘zini tashlagan edi. Bolalar yashab qoldi, ammo 31 yoshli ona olamdan o‘tdi. Ushbu hodisa sabablarini o‘rganish maqsadida Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova Navoiy viloyati hokimligiga xat bilan chiqdi. Malika Qodirxonova.

Senat matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Z. J.ning yaqin qarindoshlari bilan suhbatlashilganda, oilaviy sharoiti moddiy jihatdan o‘rtaholligi, biroq turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlarda muammo bo‘lgani aniqlangan. U ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lgan.

«So‘nggi vaqtlarda u bilan turmush o‘rtog‘i O.Ro‘ziyev „Sen o‘g‘il farzand tug‘maysan“ deb janjallashib turganligi sababli, uning ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘lganligi, lekin qolgan oila a’zolari yoki boshqa shaxslar bilan kelishmovchilikka bormaganligi, ruhiy jihatdan sog‘lomligi, yaqin qarindoshlari orasida ruhiy kasallik belgilari mavjud bo‘lganlar yo‘qligi aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Ushbu mahalla patronaj hamshirasining bergan ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro Z.Jabborova 2021 yilning yanvar oyida homiladorligi tufayli murojaat qilgan. U tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda ushbu homila ham qiz ekanligi aniqlangan. Natijada ayol o‘z xohishi bilan homilasini oldirib tashlagan.

Bundan tashqari, fuqaro Z.Jabborova oilasidagi kelishmovchilik yuzasidan biror marotaba MFY xodimlariga yoki tuman IIB profilaktika inspektoriga murojaat qilmaganligi aniqlandi.

Ayni vaqtda Navoiy transport prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi.