25 mart kuni parlament Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda siyosiy partiya rahbarlari 2020 yil bo‘yicha moliyalashtirish manbalari to‘g‘risida hisobot berishdi.

O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi raisi Akmal Haitovning hisobotiga ko‘ra, 2020 yilda partiya hisob raqamiga 35 mlrd 318 mln 862 ming so‘m kelib tushgan. Bu 2020 yil bo‘yicha siyosiy partiya orasida eng katta ko‘rsatkich.

Partiyaga kelib tushgan mablag‘lardan 29 mlrd 577 mln 131 ming so‘mi (84%) davlat byudjetidan kelib tushgan. Qolgan mablag‘lar a’zolik badallari, homiylik va xayriya yordamlari, tadbirkorlik faoliyatidan kelgan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga o‘tgan yil davomida 23 mlrd 842 mln 410 ming so‘m kelib tushgan. Partiya faoliyatini moliyalashtirishga yunaltirilgan umumiy mablag‘ning 48 foizi partiyaning o‘z mablag‘lari bo‘lgan. Bu 2019 yilga nisbatan 3 foizga ko‘proq.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi hisob raqamiga 2020 yilda 22 mlrd 276 mln 323 ming 900 so‘m kelib tushgan. Shundan 20 mlrd 113 mln 494 ming so‘m so‘m davlat byudjeti mablag‘lari. Bu umumiy mablag‘ning 90%ga teng. 2020 yil davomida partiyaning umumiy xarajati 21,6 mlrd so‘mni tashkil etgan.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasiga 2020 yilda 14 mlrd 206 mln 929 ming so‘m mablag‘ kelib tushgan. Partiya yil oxirigacha 13,8 milliard so‘m sarflagan.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi bergan hisobotga ko‘ra, partiya o‘tgan yilda 8 mlrd 342 mln 51 ming so‘m sarflagan.

Ma’lumot uchun, «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida"gi qonunga binoan siyosiy partiya Oliy Majlisning Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlari soniga qarab o‘z ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat tomonidan moliyalashtirish mablag‘larini olish huquqiga ega.