26 mart kuni pezident Shavkat Mirziyoyev «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatda aytilishicha, olib borilayotgan ishlarga qaramay, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalardagi yangilanishlar jarayonida ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi:

  • «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish;
  • oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash;
  • targ‘ibot-tashviqot va tarbiya yo‘nalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish;
  • el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • aholining Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish;
  • madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va san’atning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida ma’naviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish;
  • geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

Respublikaning barcha viloyat va tumanlarida hududlarda barqaror ijtimoiy va ma’naviy muhitni mustahkamlash, aholi ongida ma’naviyatni oshirish maqsadida «Ma’naviy va ma’rifat maskani» yaratiladi.

Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab universitetlarda bakalavriat bosqichida «Ma’naviyatshunoslik», magistratura bosqichida «Kasbiy ma’naviyat» fanlari kiritiladi.