Myanmada harbiylar yangi saylovlardan so‘ng mamlakatda hokimiyatni topshirishini aytishdi

Foto: Kyodo

Myanmada harbiylar mamlakatda hokimiyatni yangi va adolatli saylovlar o‘tkazilgandan so‘ng topshiradi. Bu haqda 27 mart kuni Myanma Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni, katta general Min Aun Xlayn mamlakatda Qurolli Kuchlar kuni nishonlanishi munosabati bilan nutq so‘zlaganida ma’lum qildi. “Biz mamlakatda hokimiyatni erkin va adolatli saylovlar o‘tkazilgandan so‘ng topshiramiz”, — dedi Min Aun Xlayn. U, shuningdek, o‘tgan yili o‘tkazilgan soxta saylovlar tufayli harbiy to‘ntarish muqarrarligini ta’kidladi. — Kyodo.

Shu kuni Myanmaning turli shaharlarida norozilik namoyishlarini tarqatish paytida kamida 50 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Myanmar Now nashri xabar berdi.


Eron va Xitoy 25 yillik hamkorlik shartnomasini imzoladi

Kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni 20 xil yo‘nalishda, xususan siyosat, ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligi, madaniy, huquqiy, mudofaa, xavfsizlik, shuningdek mintaqaviy va xalqaro masalalarda rivojlantirishni nazarda tutadi. Avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Said Xatibzoda ushbu kelishuv mavzusi birinchi marta XXR raisi Si Szinpinning 2016 yilda Tehronga tashrifi paytida muhokama qilinganini ta’kidlagan edi. Unga ko‘ra, kelishuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning iqtisodiy jihatlari va Eronning “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusidagi ishtiroki ko‘zda tutilgan. — Press TV.


Bayden Jonsonga “Bir makon, bir yoʻl"ning muqobilini yaratishni taklif qildi

AQSH prezidenti Jo Baydenning aytishicha, u 26 mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bilan telefon orqali suhbatda “demokratik davlatlar” Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusiga muqobil yaratishi mumkinligini ma’lum qilgan. “Biz Xitoy va ular “Bir makon, bir yoʻl” [tashabbusi] doirasida ishtirok etayotgan raqobat to‘g‘risida suhbatlashdik. Men, biz demokratik davlatlar tomonidan dunyo bo‘ylab haqiqatan ham yordamga muhtoj bo‘lgan jamoalarga yordam berish uchun shunga o‘xshash tashabbusga ega bo‘lishimiz kerak, degan fikrni o‘rtaga tashladim”, dedi Bayden. Shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari “tashqi siyosatning umumiy ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, Xitoy va Eron bo‘yicha yaqin hamkorlik qilishga kelishib olgani” va, shuningdek, “Shimoliy Irlandiyada siyosiy barqarorlikni saqlashning ahamiyati” haqida ta’kidladi. — Oq uy veb-sahifasi.


AQSH harbiy kuchlarisiz Tolibon uch yil ichida Afg‘onistonda hokimiyatni egallashi mumkin

Toliblarning harakati AQSH qo‘shinlari mamlakatni tark etgandan keyin bir necha yil ichida Afg‘onistonda hokimiyatni egallashi mumkin. Bu haqda 26 mar kuni The New York Times xabar berdi. Nashrning yozishicha, razvedka xizmati AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyatiga, agar AQSH qo‘shinlari va afg‘on hukumati o‘rtasida kelishuvga erishmasdan Afg‘onistonni tark etsa, mamlakat 2−3 yil ichida Tolibon nazorati ostiga o‘tishini aytgan. Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, bu, o‘z navbatida, “Al-Qoida” terrorchilik guruhiga Afg‘onistonda kuch olish imkoniyatini beradi. Ta’kidlanishicha, ushbu tadqiqot o‘tgan yili Donald Tramp Oq Uy rahbari bo‘lganida tayyorlangan, ammo oshkor qilinmagan. — The New York Times.

“Tolibon” harakati vakili Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarni olib chiqib ketishni kechiktirish Dohada erishilgan tinchlik kelishuvlarining buzilishi sifatida baholanishi haqida ogohlantirdi. Vakil Afg‘onistonda zo‘ravonlikning davom etishi ehtimoli uchun javobgarlik kelishuv shartlarini bajarmagan tomonning zimmasida bo‘lishini ma’lum qildi.