«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida» gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi.

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan, 28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat o‘zbek alifbosi joriy etish ko‘zda tutilgan.

Davlat tilini rivojlantirish departamenti mazkur qonun loyihasi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Departament amaldagi O‘, G‘, Sh, Ch harflariga to‘xtalib o‘tdi.

«O‘ yoki G‘ harflari yozish uchun kompyuter klaviaturasida 6 ta (avval O yoki G, keyin: alt 0145) tugma bosiladi.Turkiy tilli oilaga mansub o‘zbek tilida bitta tovushni anglatuvchi sh va ch harflari uchun ikkita harf belgilangan. Bu hech bir turkiy davlatlar amaliyotida yo‘q. Xalqimiz tarixda foydalangan arab, lotin, kirill yozuvlari ham „bir tovushga — bir harf“» tamoyiliga asoslangan, deya ta’kidladi departament.

Departament qayd etishiga ko‘ra buning natijasida:

  • alifbodagi ushbu harflar sababli kattaroq hajmdagi matnni o‘qish va yozish qiyinligicha qolmoqda. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining ommalashishiga salbiy ta’sir qilmoqda;
  • lotin yozuvida o‘qigan yoshlar orasida savodsizlik kuchayib, yozma nutqda soddaroq belgi («o‘» ning o‘rniga «6», «ch» ning o‘rniga «4», «sh» ning o‘rniga «w») dan foydalanish avj olgan;
  • milliy alifbodagi murakkabliklar tufayli ko‘pchilik bitiruvchi yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo‘lmoqda;
  • alifbodagi murakkab harflar tufayli o‘zbek tilini «raqamlashtirish», internet tiliga aylantirish imkoni bo‘lmayapti va h.k.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish vazifasi belgilangani, milliy alifboning qulaylashtirib, maksimal darajada soddalashtirish ehtiyojini yaratgani aytilmoqda.

Bundan tashqari departament ta’kidlashiga ko‘ra, alifbodagi 4 ta harf o‘zgarishi o‘quvchi yoshlarning savodi darajasiga salbiy ta’sir qilmaydi. Chunki hozirda Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish harakatlari boshlangan. Juda ko‘p darslik va qo‘llanmalar yangidan tayyorlanadi va chop etiladi.

Shu bilan birga, darsliklarning foydalanish muddati tugab, yangilari chop etilguncha amalda bo‘ladi (darsliklarining foydalanish muddati o‘rtacha 3 yil. Demak, 2023 yildan o‘quvchilar to‘liq yangilangan alifboda savod chiqaradi. Bu esa mamlakatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish muddatiga mos keladi, deyiladi bayonotda.

Alifbodagi shakliy o‘zgarishlar o‘quvchilarning savodiga ijobiy ta’sir qilishi kutilmoqda. Buning sababi:

  • zamonaviy gadjetlar klaviaturalarida o‘zbek tilining barcha harflari bo‘ladi;
  • davlat tilining raqamlashuvi tezlashib, internet tarmog‘ida ta’lim portallari soni ortadi;
  • transliteratsiya dasturlari tufayli kirill alifbosidagi adabiyotlarni milliy alifboga tezkor va xatosiz o‘girish va o‘qish imkoni paydo bo‘ladi;
  • katta avlodga mansub fuqarolarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi imlosini o‘zlashtirishi tezlashadi, bu esa xalqimizning yagona yozuv atrofida jipslashuviga olib keladi;
  • o‘zbek tili tabiatiga mos, O‘zbekistondagi va xorijdagi vatandoshlarning yagona yozuv atrofida birlashtiradigan alifbo bo‘ladi va h.k.

Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori 4-bandida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish bilan bog‘liq masalalar vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan Davlat byudjetidan ajratilgan, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.

Alifboga shakliy o‘zgarishlar kirgan taqdirda darslik va qo‘llanmalar ijrochilar tomonidan har yili shakllantiriladigan reja asosida navbati bilan nashr etiladi.

Xabarga ko‘ra, axborot kutubxona markazlarida amaldagi adabiyotlar alifbodagi shakliy o‘zgarish tufayli foydalanishdan chiqarilmaydi (shu kunga qadar kutubxonalarda turgan kirill yozuvidagi adabiyotlar singari). Aksincha, yangi chop etilayotgan adabiyotlar bilan bosqichma-bosqich boyitib boriladi.

O‘zgarishlar beradigan qulaylik tufayli bir yozuvdan boshqa yozuvga o‘giradigan transliteratsiya dasturlari kirill alifbosida chop etilgan adabiyotlarni bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi elektron ko‘rinishlarini yaratish imkonini beradi, kutubxonalarning elektron fondi kengayishini ta’minlashi kutilmoqda.

«Loyiha yuzasidan tilimiz rivojiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro o‘z fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin. Loyiha yuzasidan to‘plangan jamoatchilik takliflari mamlakatdagi yetuk tilshunos olimlar ishtirokida joriy yilning aprel oyi boshida o‘tkaziladigan ilmiy anjuman kun tartibiga qo‘yiladi, asosli taklif va tavsiyalar inobatga olinadi va yakuniy to‘xtamga kelinadi», — deyiladi xabarda.