Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Yoshinori Fujiyama va O‘zbekiston moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqov 26 mart kuni umumiy qiymati 15 mlrd iyenani (136,5 mln dollar) tashkil qiluvchi almashinuv notalarini imzoladilar, deya xabar berdi elchixona «Gazeta.uz»ga.

Ushbu mablag‘, 0,01% foiz stavkasi va 15 yillik muddati bilan taqdim etiladi. Uning 4 yili imtiyozli davr hisoblanib, O‘zbekistonga COVID-19 inqirozining oqibatlari bilan kurashish uchun moliyaviy ko‘mak tarzida ajratilgan.

Favqulodda kreditning maqsadi — koronavirus tarqalishi tufayli jiddiy zarar ko‘rgan O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi va rivojlanishiga hissa qo‘shishdan iborat, deyiladi xabarda.

«Koronavirus pandemiyasi tufayli iqtisodiy va ijtimoiy faoliyat, jumladan, gumanitar almashinuv va logistika global miqyosda to‘xtab qolmoqda. Bu butun xalqaro hamjamiyat, shu jumladan Yaponiya ham o‘zaro birgalikda pandemiya tugaganidan so‘ng uning salbiy ta’sirini yengib o‘tish va rivojlanishga olib borish uchun birgalikda harakat qilishi kerak bo‘lgan muammo», — deyiladi elchixona xabarida.

Bundan avval, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) «O‘zbekistonda shaffof va keng bozor iqtisodiyotiga o‘tishni rivojlantirish siyosatini qo‘llab-quvvatlash» loyihasini amalga oshirish uchun 25 yil muddatga, shu jumladan 7 yillik imtiyozli davr bilan 6 oylik LIBOR +1,1 foiz stavkada 195 mln dollar miqdorida O‘zbekistonga yana bir kredit ajratishga tayyorligi haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekistonning davlat qarzi 2021 yil 1 yanvar holatiga 23,3 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotning 40,4 foizini tashkil etgan. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi mamlakatning eng yirik kreditorlaridan biri bo‘lib, moliya instituti oldidagi qarzdorligi 2 mlrd dollar.