25 mart kuni O‘zbekiston prezidentining «Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Farmonga muvofiq, SSV huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Agentlik keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida vakolatli yagona davlat organi hisoblanadi. Agentlik ushbu toifadagi aholi qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi.

Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari prezident bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Agentlik tizimiga:

  • «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari,
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi,
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun hududiy reabilitatsiya markazlari,
  • Urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy va pansionatlar,
  • Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari,
  • Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi kiritildi.

Bundan tashqari,"Saxovat" va «Muruvvat» internat uylari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari ham agentlik tizimiga kiritiladi.

Shu bilan birga, agentlik nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy, kasbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishini hamda mutaxassislar tayyorlanishini tashkil etishda ishtirok etadi.

Agentlik muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlashda ko‘maklashadi, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning samaradorligini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida tahlil qiladi va monitoring qilib boradi.

Bundan tashqari, agentlik odam savdosidan jabrlanganlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini muvofiqlashtiradi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini tashkil etadi.

Farmon bilan 35 ta muassasada 428 mlrd so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlarini olib borish va ularni 40 mdrd so‘mlik jihozlar va texnika bilan ta’minlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.