Qarshi, O‘zbekiston — AQSHning Toshkentdagi elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda, Qarshi shahridagi “Barkamol avlod” jamoatchilik markazida “Amerika burchagi"ni rasman ochdi. Bu haqda “Gazeta.uz” ga Amerika elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjanov va AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum qutlov nutqi bilan chiqish qildi.


Qarshidagi “Amerika burchagi” xuddi AQSHning Toshkentdagi elchixonasida joylashgan “Amerika markazi” hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qoshidagi “Amerikaga darcha"dagiga o‘xshash resurslar bilan ta’minlovchi, poytaxt shahardan tashqarida barpo etilgan birinchi markazdir. Qarshidagi “Amerika burchagi” AQSH hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan 600 dan ortiq ochiq madaniy markazga ega yirik tarmoqning bir qismi bo‘ladi. 140 dan ortiq mamlakatda joylashgan bunday Amerika markazlari AQSH bilan global aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Barkamol Avlod” markazining ikkinchi qavatida joylashgan, kompyuter laboratoriyasi, kutubxonaga ega sinf xonasi, konferensiya zali va o‘quv maslahat xonasini o‘z ichiga olgan 230 kvadrat metr maydonga ega ushbu Burchak tashrif buyuruvchilar uchun chorshanba-juma kunlari soat 12:00 dan 19:00 gacha, shanba-yakshanba kunlari esa soat 10:00 dan 17:00 gacha bepul xizmat ko‘rsatadi.

Qarshidagi “Amerika burchagi” ingliz tili ona tili hisoblangan shaxslar ishtirokidagi dasturlar orqali ingliz tilini o‘rganishni targ‘ib qiladi, shuningdek, bosma va raqamli ingliz tilidagi manbalardan foydalanish imkoniyatini beradi. Burchak, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi bakalavriat va magistraturada ta’lim olmoqchi bo‘lganlarga maslahat xizmatlarini bepul ko‘rsatadigan “EducationUSA” uchun markaz bo‘lib xizmat qiladi. Burchak faoliyati suhbat klublari, munozara guruhlari, virtual dasturlar, filmlar namoyishi va ingliz tilini o‘rganish tadbirlarini o‘z ichiga oladi.

Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari tomonidan amalga oshiriladigan “Amerika burchaklari” tashabbusi doirasida O‘zbekiston bo‘ylab ana shunday yettita burchak ochiladi. Qo‘shma Shtatlar hukumati ushbu loyihaga 800 ming dollardan ko‘proq mablag‘ ajratdi.