Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida chorshanba kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, ta’lim tizimidan majburiy mehnatga jalb etilgan xodimlarga nisbatan chora ko‘rilgan. Biroq, majburiy mexnatga jalb qilish bo‘yicha xalq ta’lim xodimlariga topshiriq bergan shaxslarga chora ko‘rilmagan.

«Statistikada qaysidir xalq ta’limi tizimi xodimi majburiy mehnatga jalb etilgani uchun chora ko‘rilgani keltirilmoqda. Albatta, aniqlangan holatlar bo‘yicha xodimlarimizga chora ko‘rganmiz. Lekin birorta xalq ta’limi bo‘limi xodimi ko‘chani obodonlashtirishga yoki «temir daftar»ni to‘ldirishga o‘zi topshiriq bermaydi. Ya’ni, jazo muqarrarligi prinsipi faqatgina xalq ta’limi xodimi bilan cheklanib qolishi kerak emas. Unga kim topshiriq bergan bo‘lsa, unga ham ta’sir qilishi kerak. Ammo hozirgacha statistikada xalq ta’limi xodimlariga topshiriq bergan odamga chora ko‘rildi, degan narsa ko‘rilmadi», — dedi Shermatov.

Vazirning aytishicha, «asl sababchilarni topib, ularni javobgarlikka tortish bo‘yicha chora ko‘rish kerak».

Uning so‘zini davom ettirar ekan, Senat raisi Tanzila Narbayeva majburiy mehnatga jalb qilish zanjirining ortida hokimlar turganiga ishora qildi.

«Zanjirning oxirini topishimiz kerak. O‘zidan-o‘zi maktab direktori ko‘cha tozalayman, demaydi. Bunga, albatta, hokim topshiriq bergan bo‘ladi. Bu narsaga milliy komissiya vakillari bir ovozdan qarshimiz. Va bu bilan kurashamiz, amaliyotda chora ko‘rish ham ta’minlanadi. O‘zbekiston batamom huquqiy davlatga aylanishi kerak», — dedi Narbayeva.

Yuqori palata rahbari o‘qituvchilarning kuzda paxta terishga, bahorda esa chopiqqa jalb qilingani, qolaversa, bolalarning ham paxta tergani bugungi kunga kelib, kadrlar masalasida o‘zining salbiy natijasini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.