25 mart, payshanba kuni Qirg‘iziston bosh vaziri Ulukbek Maripov Toshkentga keldi, deb xabar berdi O‘zA. Poytaxt xalqaro aeroportida uni O‘zbekiston hukumati rahbari Abdulla Aripov kutib oldi.

Ulukbek Maripov 25−26 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, tashrif davomida oliy martabali mehmon texnopark majmuasi, IT-Park, Crafers va Ardent Foods fabrikalari, Golden Moon va Orient Ceramic zavodlari, shuningdek Qirg‘izistonning Toshkentdagi elchixonasining yangi binosiga tashrif buyuradi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Toshkentga tashrifi davomida «Texnopark» korxonasida ham bo‘lib, u yerda O‘zbekiston sanoat korxonalari mahsulotlari bilan tanishgan edi.Bir necha kundan so‘ng u o‘z intervyusida: «30 yildan beri bir-birimiz bilan siyosatda, mitingda yuraverib, etik tozalaydigan shyotka chiqara olmabmiz, fabrika-zavod qura olmabmiz. O‘zbekiston bizdan 40−50 yil oldinga o‘tib ketibdi, desam adashmayman. Mana shunday shurupdan boshlab samolyotgacha chiqaradigan darajagacha yetishibdi», — degan edi.