Toshkent viloyatida yo‘l-patrul xizmati xodimlari mashinasida «otvyortka» bo‘lgan haydovchiga nisbatan ma’muriy dalolatnoma tuzdilar, deb xabar beradi YHXBB matbuot xizmati.

Ijtimoiy tarmoqlarda YPH xodimi avtomobilda «otvyortka» borligi uchun dalolatnoma tuzganligi haqida video tarqaldi. Tarqalgan videoda haydovchi postdan o‘tayotganida uni to‘xtatishgani, YPH xodimining hujjatini ko‘rishini so‘raganidan keyin mashinasini tintuv qilishgani haqida aytib o‘tgan.

Avvalroq bloger Feruzxan Yakubxo‘jayev ushbu voqea haqida kanal o‘quvchisiga asoslanib yozgan edi. Ohirgisining so‘zlariga ko‘ra, YPH inspektorlari avtoulovni nazorat punktida to‘xtatib, hujjatlarni so‘rashgan. Bunga javoban haydovchi ularning hujjatlarini ko‘rib chiqishini so‘ragan.

«Postdan o‘tayotganimda to‘xtatishdi. Hujjatlarimni so‘rashganida avval ularnikini ko‘rmoqchi bo‘lib so‘radim, keyin esa shunga jahli chiqib, hujjatlarimni tekshirishdi. Muammo bo‘lmagach, mashinamni tintuv qilishdi. Ular «otvyortka»ni olib, o‘tkir tig‘li qurol sifatida dalolatnoma tuzib, 2 soat vaqtimni olishdi», — deyiladi video lavhada.

YHXBB ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 23 mart kuni soat 23:00 larda, Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Tokzor MFY hududida joylashgan blok-postda sodir bo‘lgan. Xizmat olib borayotgan YPX xodimi J.I tomonidan Spark rusumli avtomobil to‘xtatilgan. Xolislar ishtirokidagi tekshiruv davomida XPB TP profilaktika inspektori A.A tomonidan avtomobilda mavjud bo‘lgan «otvyortka» o‘tkir tig‘li vosita deya hisoblanib tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.