Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi hamda Istanbul Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan hamkorlik va tajriba almashishga qaratilgan memorandum imzolandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tomonlar shaharlarni obodonlashtirishda qo‘llanilayotgan yangi uslublar, gul va ko‘chatlarni ekish hamda parvarishlashning yangi texnologiyalari borasida fikr almashdilar.

Shuningdek, yo‘l qurilishi, ko‘priklarni saqlash va ta’mirlash, sug‘orish tizimlarini takomillashtirish borasidagi yangiliklar va ularni iqlim sharoitiga mos ravishda amaliyotga joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Memorandumga ko‘ra, tizimlar qo‘shma loyihalarni amalga oshiradilar va soha mutaxassislari o‘rtasida malaka almashinuvlari bo‘lib o‘tadi, deyiladi xabarda.