Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 mart kuni o‘tkazilgan 2021 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida gaz va elektr energiyasi ta’minoti masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Biz bu yil elektr va gaz tarmoqlarida uzoq yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni yechish uchun juda katta mablag‘ ajratdik. Bu sohalarda yirik loyihalar amalga oshiriladi», — dedi prezident.

Kuz-qish davriga qadar rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish uchun energetika vaziri Alisher Sultonov, «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi raisi Ulug‘bek Mustafoyev va «Xududgazta’minot» rahbari Bahodir Eshmurodov mas’ul etib belgilandi.

Joriy yilda 5377 ta mahalladagi 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingdan ortiq transformatorni yangilash belgilanmoqda. Bu mamlakatdagi mahallalarning 60 foizini tashkil etadi. Ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirishga qariyb 2,1 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Prezident elektr va gaz ta’minoti sohalarida eng katta muammo — bu hisob-kitobning yo‘qligida ekanligini aytdi.

«Biz hozir ASKUE va ASKUG (elektr va gazni avtomatlashtirilgan boshqarish va hisobga olish tizimlari — tahr.) tizimini yo‘lga qo‘yyapmiz. Hozirgacha hisob-kitob bo‘lmagani uchun bu sohada pul tushumi ham bo‘lmagan. Men o‘ylaymanki, korrupsiya qilish uchun bu sohani isloh qilishmagan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Biz „quvurlarni ta’mirla, ularni qayta tikla“, deyapmiz, lekin quvurlar bosimni ko‘tara olmay, portlab ketayapti. Men 1958 yilda qurilgan barcha gaz quvurlarini almashtirish bo‘yicha qaror qabul qildim», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

U mazkur ishlarni davlat xususiy sherikchiligi asosida amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. «Gaz, svet bo‘lmasa qaysi qishloq yoki mahalla obod bo‘lishi mumkin? Qish boshlanganicha bu amalga oshirilishi kerak», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Energetika vaziri Alisher Sultonov so‘nggi 4 yil va 25 yilda sohada amalga oshirilgan ishlar hajmini solishtirdi.

«2016 yilgacha 25 yil mobaynida butun respublika bo‘yicha 9300 km elektr uzatish tarmoqlari qurilgan va 4800 ta transformator o‘rnatilgan. Bu ishlar butun tarmoqning bor yo‘g‘i 4 foizini tashkil etadi. So‘nggi 4 yilda esa 25 ming km elektr uzatish tarmoqlari qurildi va 8900 ta yangi transformator qo‘yilgan. Bu o‘tgan 25 yilga nisbatan 2,5 baravarga ko‘p», — dedi vazir.

Energetika vaziri elektr energiya iste’moli nafaqat qishda, balki yozda ham oshayotganini ta’kidladi.

«Biz o‘zimiz uchun kuz-qish mavsumi degan narsani unutdik. Xalq yozda ham konditsionerlarni ishlatayapti, shunga elektr energiya tizimida Tojikiston bilan uzilgan liniyani tiklaymiz. „Peretok“ vaqtida ulardan elektr energiyani olib, ularga kerak paytida qaytarib berish tizimini yo‘lga qo‘yamiz. Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan ham shunday ishlaymiz», — dedi Sultonov.

Alisher Sultonov Markaziy Osiyo davlatlarining gaz taqsimlovchi yagona muvofiqlashtiruvchi markazi ham Toshkentda joylashganini eslatib o‘tdi.

Vazir shuningdek, joriy yilda 678 ta «qoniqarsiz» mahallalarda kafolatlangan gaz ta’minotini yo‘lga qo‘yish uchun 958 km gaz tarmoqlari va 3232 ta gaz taqsimlash punktlari o‘rnatiladi. Suyultirilgan gaz iste’molchilariga 11 192 dona qo‘shimcha maishiy gaz ballonlari tarqatib beriladi.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida 508 ta gaz quvurlari ta’mirlanadi va 1677 ta gaz taqsimlash punktlari ta’mirlanadi.

«Shu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 400 mlrd so‘m ajratilgan. Bundan tashqari, magistral gaz timizlarida 617 million dollarlik loyihalarni — shu yilning oktyabr oyigacha amalga oshiramiz. Kecha siz (prezident — tahr.) aytganingizdek, shundan 200 mln dollari hal bo‘ldi. Qolgan pullariga keladigan bo‘lsak, biz tarixda birinchi marta gaz yetkazib berish sohasi va gaz kompressor stansiyalarida davlat-xususiy sherikchilik loyihalarini amalga oshirmoqdamiz, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar paydo bo‘ladi», — dedi Sultonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonning qishki mavsumda «to‘liq shimol tarafdan gazni markazga haydashga imkoniyat beradi».

«Gaz quvurlarining bir xillari 1958 yilda qurilgan. 12 mm bo‘ladigan quvur devorlari bir xil joylarda 1,5−2 mmgacha kelib qolgan. Buj uda ham havfli. O‘shaning uchun biz bosimni ko‘tara olmay, bor gazni ham haydashga bizda imkon bo‘lmagan», — dedi Alisher Sultonov.

Vazir mamlakatda oktyabr oyiga qadar 455 km gaz quvurlari almashtirilishini ma’lum qildi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» joriy yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari hamda ipoteka dasturlarini moliyalashtirishga 3 mlrd dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi haqida yozgan edi. Prezident ushbu mablag‘lar tashqi qarz ko‘paymagan holda ajratilishini ma’lum qildi.