24 mart kuni kechki soat 23:15 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo‘limi shifokori mast fuqaro tomonidan kaltaklandi.

SSV xabariga ko‘ra, poytaxtning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N. onasi hamrohligida shifoxonaga tekshiruvga olib kelingan.

Bemorning onasi toksikolog xonasida o‘z xizmat faoliyatini o‘tayotgan navbatchi shifokor N.Toshpo‘latovaga o‘g‘li bir necha kundan beri spirtli ichimlik ichayotganini ma’lum qilgan.

Navbatchi shifokor o‘sha vaqtda boshqa bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotganligini va bundan so‘ng ularni ham qabul qilib, kerakli yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan, deyiladi xabarda.

Shunga qaramay, bemorning onasi tibbiyot xodimlariga nisbatan turli haqoratli va tuhmat so‘zlar bilan e’tiroz bildira boshlagani aytilmoqda. Bemor, mast holdagi U.N. to‘satdan shifokor Toshpo‘latovaga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

U hozirda kuchli karaxtlik holatiga tushib qolgan va og‘ir ahvolda. Shifokorda bosh miya shishi asorati kuzatilmoqda.

«Shifokor „qo‘shma kraniofatsial jarohat. Og‘ir darajadagi bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya og‘ir darajada lat yeyishi. Subaraxnoidal qon quyulishi. Burun suyaklari va burun to‘sig‘i sinib siljishi. Ensa va burun sohalarni yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi. Nazogemorreya“ tashxisi bilan neyroreanimatsiya bo‘limiga yotqizildi», — dedi ushbu markaz direktori Doniyor Alimov.

Foto: SSV.

Markaz rahbarining aytishicha, «u atrofdagilarga sekin reaksiya berib, muloqotga kirishishga qiynalmoqda».

Xizmat vazifasi vaqtida bemor tomonidan nohaq kaltaklangan shifokor N.Toshpulatova 2017 yildan buyon shifokor-toksikolog lavozimida ishlab kelmoqda, o‘z xizmat vazifasini klinik protokollarga rioya qilib, talab darajasida bajarib kelgan.

«Gazeta.uz»da mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, shifokorni kaltaklagan erkak hozirda qo‘lga olingan, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

SSV huquq-tartibot organlaridan jamiyatda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan bunday illatlarga qarshi kurashning ta’sirchan va samarali usullarini joriy etib, shifokorlarning haq-huquqlarini qat’iy himoya qilishlarini talab qiladi, deyiladi xabarda.