Andijon viloyatida fermer xo‘jaligiga qarashli yerni sotmoqchi bo‘lgan fermer ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Baliqchi tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ma’lum bo‘lgan.

Andijon viloyatidagi fermer xo‘jaliklardan birining rahbari X.R. fuqaro F.T.ga xo‘jalikka qarashli sabzavotchilikka ixtisoslashgan 6 gektar yer maydonining hujjatlarini bog‘dorchilik yo‘nalishiga to‘g‘rilab, rasmiylashtirishini aytgan. Fermer buni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali amalga oshirishini ma’lum qilgan.

U buning evaziga oldindan kelishilgan 18 ming dollar hisobidan 189 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani, aytilmoqda.

Holat yuzasidan fermerga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.