Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini joriy yilda amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘zga chiqqan bosh prokuror o‘rinbosari Akmalxo‘ja Mavlonov o‘tgan yili manzilli dasturlarga ajratilgan mablag‘larning qancha qismi talon-toroj qilinganiga e’tibor qaratdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 2020 yilda manzilli dasturlarga yo‘naltirilgan 10 trln so‘mning 845 mlrd so‘mi talon-toroj qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rilayotgan choralarga qaramay byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari kamaymayotganiga e’tibor qaratdi.

«Menga „o‘g‘irladi“ degan gap juda og‘ir botadi. Shaxsan o‘zim kimnidir qamab yuborishga buyruq bermaganman. 25 yil qamash bilan shug‘ullandik, lekin korrupsiya yo‘qolmadi. Endi Mavlonovga katta topshiriq, aholi va OAV nazoratini yo‘lga qo‘yib, talon-torojliklarning oldini olishi zarur», dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida 31,5 trln so‘m, ya’ni 3 mlrd 50 mln dollar ajratilishi haqida xabar bergan edik.