Prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini moliyalashtirish hajmini oshirish niyatida. «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasining xabar berishicha, aniq raqamlar bugungi videoselektor yig‘ilishida ma’lum bo‘ladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha milliard dollar bo‘lishi mumkin. Jumladan, qariyb 3 ming kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash, 4 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini qurishga mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, 60 foiz mahallalarda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 4 mingdan ortiq transformatorlar yangilanadi.

«Keyingi bir necha yilda bunday hajmdagi ishlar O‘zbekistonda hali amalga oshirilmagan», — deya ta’kidladi «Gazeta.uz» manbasi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabrdagi parlamentga murojaatnomasida hukumat bir oy muddatda 2021 yil uchun «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini ishlab chiqib, tasdiqlashni topshirgan edi. Davlat rahbari ushbu dasturlarni respublika va mahalliy byudjetlar tomonidan teng ulushlarda moliyalashtirishni nazarda tutilishi lozimligini ko‘rsatdi.

Murojaatnomada qayd etilishicha, so‘nggi 3 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida 5 millionga yaqin aholi yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgardi. Lekin pandemiya tufayli ushbu yo‘nalishdagi ishlarni vaqtincha to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan edi.