2021 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida 31,5 trln so‘m, ya’ni 3 mlrd 50 mln dollar ajratiladi. Bu haqda айни daqiqalarda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini joriy yilda amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Joriy yilda „Obod qishloq“ va „Obod mahalla“ dasturlari doirasida 31,5 trln so‘m, ya’ni 3,05 mlrd dollar ajratiladi. Tashqi qarzimiz ko‘paymagan holda berayapmiz. Shundan, jami 21 trillion so‘mini Qishloq va mahallalarda aholi sharoitini yaxshilashga yo‘naltiramiz. Qolgan 11 trillion so‘mlik ipoteka dasturlari ijrosi ta’minlanadi. Bunday mablag‘, shu kungacha biror marta berilmagan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, 9 ta yo‘nalish bo‘yicha ajratilayotgan ushbu mablag‘lar har bir tuman va shahar hokimi bilan muhokama qilingan.

O‘tgan haftada barcha tuman va shahar kengashlarida bu dasturlar asosida amalga oshiradigan loyihalar himoya qilinib, qaysi mahalla va qishloq tanlangani, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va bunda aholi ishtirokiga oid masalalar belgilab olindi.

Masalan, Payariq tumanida 145 kilometr yo‘llar, 1 ming kilometr elektr tarmog‘i, 250ta transformator va 54kilometr ichimlik suvi tizimi yaroqsiz ahvolda, 26ta maktab, 17 ta bog‘cha, 4 ta qishloq oilaviy shifokor punkti ta’mirtalab.

Shuningdek, tumanda ishsizlar soni 9 ming 400 nafarni tashkil etadi, «temir daftar»ga 1 mingta oila, «yoshlar daftari»ga 6 ming nafar va «ayollar daftari»ga 2 ming 200nafar aholi kiritilgan.

Joriy yilda Payariq tumanidagi 56ta qishloqda 83milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Umuman olganda, Samarqand viloyatida 717 ta qishloq va 198 ta shahar mahallalari qiyofasini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, infratuzilmasini yaxshilash va aholi bandligini ta’minlashga 1,6 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.