Bosh prokuratura prezidentning «Xotin-qizlar va bolalar huquqlarining kafolatlarini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjatga ko‘ra, Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi negizida Zo‘rlik hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazi va uning hududiy bo‘limlarini tashkil etiladi. Markaz Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida faoliyat ko‘rsatadi.

Qayd etilishicha, markaz o‘z faoliyatini anonimlik, axborotning maxfiyligi, kasbiy mahorat va xavfsizlik prinsiplari asosida amalga oshirishi maqsad qilingan. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari Markaz ishiga aralashmagan holda hamkorlik qiladi.

Markazning asosiy vazifalarini quyidagicha belgilash taklif etilyapti:

  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki shunga moyilligi bo‘lgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish;
  • og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar huquqlarining kafolatlarini ta’minlashga ko‘maklashish;
  • davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining yuqoridagi masalalar bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtirish;
  • «Ayollar daftari»ga kiritilgan psixologik maslahatga muhtoj xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va daftarlardan chiqarish choralarini ko‘rish;
  • nizoli vaziyatlar, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarni tahlil qilish, umumlashtirish va ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
  • dolzarb ijtimoiy muammolarni aniqlash maqsadida jamoatchilik fikrini o‘rganish va ijtimoiy tadqiqotlarni tashkil etish;

Qarorga ko‘ra, markazga zo‘ravonlikdan jabrlangan hamda o‘z joniga suiqasd qilgan yoki shunga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar va 14 yoshga to‘lmagan, voyaga yetmagan shaxslar joylashtiriladi.

Markaz direktori lavozimiga nomzod Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri taqdimiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi. Shu bilan birga, direktor mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmatlardan foydalanish sharoitlariga ko‘ra, vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Markazning markaziy apparati xodimlarining cheklangan soni 12 nafardan iborat bo‘ladi. Uning faoliyati davomida volonterlarni jalb etish ham mumkin.

Loyihaga muvofiq, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi hamda uning hududiy idoralararo komissiyalari Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va uning hududiy komissiyalari etib qayta tashkil qilinadi.

Milliy komissiyaning asosiy vazifalari:

  • voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash;
  • voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish, amalga oshirishni tashkillashtirish va ijrosini nazorat qilish;
  • davlat organlari va tashkilotlarning ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish, ko‘rilayotgan choralarni baholash hamda ularni huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish yo‘li bilan bartaraf etish;
  • ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Milliy komissiyaning raisi hisoblanadi. Milliy komissiya hududiy komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 maydan e’tiboran IIV:

  • zo‘rlikka uchragan xotin-qizlarni profilaktik hisobga olish yoki «himoya orderi»ni rasmiylashtirish;
  • Markazga murojaat qilgan xotin-qizlar va ularning farzandlarining yo‘qolgan va yo‘qotilgan hujjatlarini tiklab berish;
  • voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning oldini olish, ularga imkon tug‘diruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Taklifga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi markazlarga joylashtirilgan ayollarning voyaga yetmagan farzandlarini eng yaqin hududdagi ta’lim muassasalariga vaqtincha joylashtiradi. Ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan, shuningdek ta’lim muassasalaridagi mashg‘ulotlarga uzrli sabablarsiz kelmayotgan yoxud muntazam ravishda qatnashmayotgan voyaga yetmaganlarning hisobini yuritish, bunday holatlarning vujudga kelishi sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi.

SSV markazga keltirilgan xotin-qizlar va ularning farzandlari, voyaga yetmaganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ko‘rikdan o‘tkazish hamda jabrlanganlarni o‘zining tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida bepul davolashni amalga oshiradi. Tuman tibbiyot birlashmalarida ijtimoiy psixologik yordam xonasi tashkil etiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shu toifadagi xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, kasbga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi. Voyaga yetmaganlar, ayniqsa OTMga o‘qishga kira olmagan maktab bitiruvchilarini kasbga yo‘naltiradi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Suitsidning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqadi va Hukumatga kiritadi.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxslar bilan o‘zaro aloqani amalga oshirish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish uchun mo‘ljallangan, 24 soat uzluksiz ishlaydigan «ishonch telefoni»ni (respublika doirasida yagona qisqa raqam) yo‘lga qo‘yish taklifi bildirilgan.

Mazkur qaror loyihasi muhokamasi 3 aprelga qadar davom etadi.