Noma’lum shaxs prezident Shavkat Mirziyoyev («Shavkat Mirziyev») nomidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida soxta profil ochib, fuqarolar bilan muloqotga kirishganligi aniqlandi. Bu haqda IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Fuqaro o‘zini prezident Administratsiyasi rahbari deb tanishtirib, turli masalalarda, jumladan uy-joy va bank kreditlari ajratish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilishini va’da qilib, fuqarolardan 50 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini bank plastik kartasiga o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu noqonuniy harakatlarni Chirchiq shahar 3-kichik tumanida vaqtincha yashovchi, M.M. (1982 y.t.) sodir etganligi aniqlandi.

Fuqaroga nisbatan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.