Energetika vazirligi hozirda muhokamaga qo‘yilgan «Iste’molchilarning elektr tarmoqlariga ulanishi bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida"gi hukumat qarori лойиҳасини Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hali kelishib olmagan. Bu haqda «Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjat prezidentning og‘zaki ko‘rsatmasi hamda uning Adminstratsiyasi topshirig‘iga ko‘ra, ishlab chiqilgan bo‘lib, unda elektr ta’minotiga (maishiy iste’molchilardan tashqari) ulanishi uchun yig‘im joriy etish taklif etilmoqda. Quvvati 20 kVtgacha bo‘lgan iste’molchilarga elektr tarmoqlariga ulanish uchun BHMning 30 baravari (7,35 mln so‘m), quvvati 20 kVtdan 50 kVtgacha bo‘lgan iste’molchilarga esa — BHMning 60 baravari (14,7 mln so‘m) miqdorida yig‘im o‘rnatiladi.

Shu bilan birga, ushbu iste’molchilarni elektr tarmoqlariga tayyor holda ulash yuzasidan barcha ishlar (elektr ta’minoti loyihasini ishlab chiqish, qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarish, elektr energiyasini o‘lchash vositasini o‘rnatish va plombalash naryadini rasmiylashtirish va elektr ta’minoti shartnomasini tuzish) «Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» tomonidan amalga oshiriladi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, loyihaning birinchi tahriri Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali kelib tushgan. Hujjatning birinchi variantida Energetika vazirligi BHMning 10 va 20 baravari miqdorida bir martalik to‘lovni o‘rnatishni taklif qilgan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maishiy iste’molchilardan bir martalik to‘lovni undirmaslikni, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari hamda ushbu sohada ish yuritadigan tadbirkorlardan iborat ishchi guruh tuzish orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan jismoniy va yuridik shaxslar uchun to‘lov miqdori o‘rnatilishini tanqidiy tahlil qilish kerakligini yozgan.

Buning natijasida Energetika vazirligi maishiy iste’molchilarni ro‘yxatdan chiqarib tashlagan va elektr tarmoqlariga ulanish uchun to‘lanadigan to‘lovni uch baravarga oshirishni taklif qilgan. Jamoatchilik muhokamasidan so‘ng, loyihaning yakuniy versiyasi kelishib olinishi uchun yana Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga taqdim etilishi kerak, deyiladi qo‘mita xabarida.

«Gazeta.uz» Energetika vazirligi o‘zining hukumat qarori loyihasida prezidentning 2019 yil 20 noyabrdagi qarori ijrosiga tayanayotgani, biroq unda qo‘shimcha yig‘imlar joriy etish va undirish nazarda tutilmaganiga e’tibor qaratdi.

Hujjatda bir martalik to‘lovning joriy etilishi moliya-iqtisodiy va huquqiy jihatdan asoslanmagan. Ushbu to‘lovlar uskunalarning tarmoqqa ulanishida zarur bo‘ladigan xarajatlar ichiga kirish-kirmasligi ko‘rsatilmagan.

Bundan tashqari, barcha ishlar HETK tomonidan amalga oshirilishi borasidagi fakt iste’molchilarning loyihalash hamda qurilish tashkilotlarining tanlash huquqini cheklab qo‘yishi va bitta kompaniyaning «monopol» xizmatlarni ko‘rsatishiga olib kelishi mumkin.

«Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berilishi taqiqlanadi.

Loyiha muhokamasi 4 aprelga qadar davom etadi.