18 mart kuni soat 18:30 atrofida Toshkentning Mirobod tumanidagi Zarafshon va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining ikki xodimi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Poytaxt IIBB matbuot xizmati bu haqda 22 mart kuni xabar berdi.

Toshkent IIBB fotosurati.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 32 yoshli X.Z. o‘zining boshqaruvidagi Spark avtomobilini boshqarib ketayotganda yo‘lni piyodalar o‘tish yo‘lagidan kesib o‘tayotgan piyodalar 30 yoshli B.R. (Bahora Rahimova) va 23 yoshli N.A.ni urib yuborgan.

YTH natijasida ikkala piyoda tan jarohati olib, shifoxonaga joylashtirilgan. 20 mart kuni piyodalardan biri B.R. tibbiy xodimlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, olgan tan jarohatlari natijasida jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidanToshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi («Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Gazeta.uz»ning IIBBdan aniqlik kiritishicha, homilador bo‘lgan N. A. hozirda uyda, uning holati qoniqarli deb baholanmoqda.