Respublika maxsus komissiyasi so‘nggi kunlarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortganligi munosabati bilan mamlakatda keskin epidemiologik holat yuzaga kelishini oldini olish maqsadida bir qator cheklovlarni o‘rnatishni ma’qulladi.

1-apreldan boshlab O‘zbekiston hududida:

  • to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda sanitariya-epidemiologik nazoratni kuchaytirish va tashrif buyuruvchilar sonini 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish;

Teatr, kino (kinoteatr) va konsert-tomosha dasturlarini tashkil etishda:

  • tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarga tashrif buyuruvchi tomoshabinlar hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning qat’iy niqobda (maskada) bo‘lishlarini ta’minlash;
  • saroylarning tomoshabin sig‘imini inobatga olgan holda tomoshabinlar sonini 50 foizdan oshirmaslik;
  • saroylarning tomoshabin o‘rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda foydalanilishini ta’minlash;
  • tomosha dasturlariga tashrif buyuruvchilarning tana xarorati nazoratini o‘rnatish hamda tana xarorati ko‘tarilgan shaxslarni dasturga ko‘ymaslik;
  • saroylarda savdo shoxobchalari faoliyatini to‘xtatish (niqob va antiseptik vositalar savdosi bundan mustasno);
  • tomosha dasturlari bo‘yicha tarqatilayotgan (sotilayotgan) chiptalarga “Faqat sog‘lom bo‘lsangizgina tashrif buyuring” yozuvini yozish orqali aholini ogohlikga chaqirish va boshqa tomoshabinlarga kasallik yuqib kolishining oldini olish choralarini ko‘rish;
  • tomoshabinlarning binoga tartibli kirishlarini ta’minlash maqsadida maxsus lentalar yordamida bir qatorli kirish va chiqish yo‘laklarini o‘rnatish tartibi belgilandi.

Tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarda karantin qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyat tashkilotchilar zimmasiga yuklatiladi.

SSVning ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlarni qabul qilishda qator soha mutaxassislari va yetakchi olimlarning takliflari inobatga olingan.