Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisining sinf xonasidagi chelakka peshob qilgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Qashqadaryo viloyat IIB vaziyatga izoh berdi.

«Qarshi shahar birinchi ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta-ta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchisi maktabda belgilangan ichki tartib hamda odob-axloq qoidalarini buzganligini shuningdek sinfxonada nojo‘ya hatti-harakatlar sodir etgan holatini ko‘rgan sinfdoshi o‘z telefoniga video tasvirga olib, ijtimoyi tarmoqga tarqatganligi aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB tomonidan voyaga yetmagan o‘quvchilarning ota-onalariga O‘z Res MJtKning 47-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib to‘plangan hujjatlar Qarshi shahar IIO FMB orqali Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qarshi shahar idoralararo komissiyaga taqdim etilgan.

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qarshi shahar idoralararo komissiyasi tomonidan voyaga yetmagan o‘quvchilarning ota-onalari MJtKning 47-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, ularga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan. Jarima miqdori ma’lum qilinmadi.

Daryo nashri ma’lumotlariga ko‘ra, sinfda peshob qilgan o‘quvchining otasi Qashqadaryo viloyat prokuraturasida ishlaydi. Ushbu xabarni viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari ham tasdiqladi, biroq jarima miqdorini oshkor qilmadi.