21 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Shovot tumanidagi 35-sonli davlat Maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilish marosimida yupun kiyingan bolalarning tadbirda ishtirok etayotgani aks etgan fotosurat tarqaldi. Mazkur fotosuratga Xorazm viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Shovot tumanidagi 35-sonli davlat Maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish tadbiri 19 mart kuni bo‘lib o‘tgan. Tadbirda Shovot tumani hokimi, mahalla faollari, nuroniylar, tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi hodimlari ishtirok etishgan.

«Tadbirning „tabrik so‘zlari“ qismi tugagach bolalar raqs tushushga taklif etiladi. Raqs tushishgacha bo‘lgan vaqtda bolalar egnida sovuqdan saqlaydigan kiyimda bo‘lishgan (kurtkada). Raqs boshlanish vaqtida kiyimlarini tarbiyachisiga berib, so‘ngra raqsni ijro etib bo‘lgach yana kiyimlarini kiyishgan», — deyiladi bayonotda.

Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan keltirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 19 mart sanasida Urganchda havo harorati 18−20 daraja atrofida issiq bo‘lgan.

O‘z navbatida, Yandex.uz ob-havo ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha kuni Shovot tumanida havo bulutli bo‘lgan. Harorat esa 13 daraja iliq bo‘lishiga qaramasdan 8 darajadek tuyulishi qayd etilgan.


Yandex.uz`ning mart oyi uchun ob-havo ma’lumotlari.

Mutasaddilar bolalarga qaraganda issiqroq kiyimda ekanligini ham ko‘rish mumkin.

Xorazm viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi Shovot tumanidagi 35-sonli DMTT ochilish tadbiriga bolalarni jalb qilib, karantin talablariga rioya qilmasdan, ularning yupqa kiyimda tadbirda chiqish qilishiga imkoniyat yaratib bergan xodimlarga tegishli tartibda intizomiy jazo choralari ko‘rilishini ma’lum qiladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi kutubxona ochilish marosimiga maktab o‘quvchilari yupun kiyimlarda olib chiqilganligi uchun tadbir ishtirokchilariga ogohlantirish berilgan edi.

Andijonda yupun kiyimlarda bayroq ko‘tarishga chiqarilgan o‘quvchilar 43-maktabdagi «Yangi O‘zbekiston — Yangicha dunyoqarash» targ‘ibot tadbiri doirasida jalb qilingandi. Shundan so‘ng, maktab direktori v.b. va uning o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi.