Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi fevral oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobil bozorida talab qanday o‘zgarganini tahlil qilib chiqdi. Tadqiqot natijalari «Gazeta.uz»ga taqdim etildi.

Fevral oyida ushbu bozorlarda talabning oshishi, markaz ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy faollikning tiklanganidan dalolat bermoqda.

Ko‘chmas mulk bozori

Koronavirus pandemiyasi davrida karantin cheklovlarining o‘rnatilishi natijasida iqtisodiy faollik birdaniga tushib ketgan edi. Xususan, aprel oyidagi lokdaun ko‘chmas mulk oldi-sotdisining 2019 yil mos davriga nisbatan 87,1 foizga (Toshkent shahrida 94,2 foizga va Toshkent viloyatida 89,8 foizga) kamayishiga olib kelgandi.

Joriy yil fevral oyida mamlakatda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni yanvar oyi bilan taqqoslaganda 11,5 foizga (2020 yil fevral oyiga nisbatan 19,7 foizga) ko‘paydi. Ko‘chmas mulk bozorining 30 foizdan ko‘prog‘iga egalik qiluvchi Toshkent shahrida ushbu ko‘rsatkich 10,8 foizni (2020 yil fevral oyiga nisbatan 23,7 foizni) tashkil qildi.


Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi indeksi.

Avtomobil bozori

Odatda, respublika bo‘yicha birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil savdosining oylik o‘sishi o‘rtacha 2−3 foizni tashkil etadi. 2020 yilning mart oyi o‘rtalaridan qat’iy karantin tadbirlarini joriy etilishi natijasida mart oyida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 17,3 foizga (o‘tgan fevral oyiga nisbatan 34,6 foizga), aprel oyida esa 73,8 foizga (63,1 foizga) kamaygan edi.


Ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi indeksi.

May oyidan boshlab avtomobil bozoridagi vaziyat yana tiklana boshladi. Xususan, iyun oyida avtomobillar savdosi 2019 yil mos davri bilan taqqoslaganda 14,8 foizga (o‘tgan oyga nisbatan 15,7 foizga) ko‘paydi. Avgust oyida ushbu ko‘rsatkich 3,8 foizni (o‘tgan oyga nisbatan 54,3 foizni) tashkil etdi.

Avtomobil bozorida talab sentyabr-oktyabr oylarida ham o‘sishda davom etdi. Savdo hajmi 2019 yil mos davri bilan taqqoslaganda sentyabr oyida 29,5 foizga, oktyabr oyida 19,2 foizga, noyabr oyida 9 foizga va dekabr oyida 10 foizga o‘sdi.

Ferval oyida avtomobil bozorida aholi talabi yanvar oyiga nisbatan 3 foizga oshdi. Lekin 2020 yil fevral oyi bilan taqqoslaganda ushbu ko‘rsatkich 10,4 foizga kamaydi. Bu asosan Asaka avtomobil zavodida 2021 yil yanvar-fevral oylarida barcha zaruriy modernizatsiya ishlarini amalga oshirish uchun ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtatilganligi bilan izohlanadi.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Andijon (37 foiz), Buxoro (18,4 foiz) va Qashqadaryo (18 foiz) viloyatlarida kuzatildi.