18 mart kuni soat taxminan 07:53 da Kattaqo‘rg‘on-28 raz’ezd temir yo‘l bekatlari oralig‘ining 3803-kilometr 7-piketida «Qushbegi» mahallasida yashagan, 35-maktabning 11-sinf o‘quvchisini yuk poyezdi urib yuborgan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.

O‘quvchi temir yo‘lda harakatlanib kelayotgan yuk poyezdini o‘tkazib, keyin yo‘lda davom etish uchun temir yo‘l yonida turgan. U orqadan kelayotgan sinfdoshlarini kutib turganida yon sumkasi yuk poyezdiga tegib, poyezd uni sudrab ketgan.

Natijada o‘quvchi bosh qismidan jarohat olib, tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramay, shu kuni vafot etgani aytilmoqda.

Mazkur holat mahalla va ta’lim muassasasida jamoatchilik ishtirokida muhokama etilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Samarqand viloyat IIB yo‘lovchilar va haydovchilarni temir yo‘lda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, diqqat va e’tiborli bo‘lishga chaqirmoqda.