Juma kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bir qancha jurnalistlarning «profilaktik suhbat» uchun huquqni muhofaza qilish organlariga chaqirtirilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Daryo.uz bosh muharriri Muhrim A’zamxo‘jayev ushbu xabarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, digital detox (raqamli qurilmalardan dam olish) qilmoqchi bo‘lganida u haqda «noto‘g‘ri mish-mishlar va noto‘g‘ri xabarlar» tarqalgan.

«Iltimos, tekshirilmagan, yolg‘on xabarlar tarqatmanglar, chunki bu xabarlarning ortidan telefonimni yoqqanimdan keyin son-sanoqsiz telefonlar bo‘layapti. Hammangizdan uzr so‘rayman javob bera olmayotganim uchun. Mana shunday odamlarni xavotirga qo‘yishning hech ham keragi yo‘q. Avvalo o‘zim xavotirga qo‘yib qo‘yganim uchun uzr so‘rayman va boshqalardan shunaqa shoshirilib xabar tarqatmaslikni so‘ragan bo‘lardim», — dedi u.

«Gazeta.uz»ning bir-biridan mustaqil uch manbasi jurnalist va blogerlar, jumladan Muhrim A’zamxo‘jayev va Qahramon Aslanov haqiqatan ham huquqni muhofaza qilish organlariga chaqirtirilganini tasdiqladi. Buning sabablarini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

«Gazeta.uz»ga, shuningdek, Kun.uz rahbari Maqsud Asqarovning ham huquqni muhofaza qilish organlariga taklif qilingani ham ma’lum. Bu taklifning ham sababi noma’lum. «Gazeta.uz» undan yoki nashr tahririyatidan javob ololmadi.

IIBB matbuot xizmati «ichki ishlar organlarining jurnalistlarning chaqirilishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ham hech qanday ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.