Toshkent viloyati ikki qismga bo‘linishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Sizga bir sirni aytaman. Men o‘zim bilan xarita olib kelganman. Toshkent viloyatini ikkiga bo‘lmoqchiman. Mana jim bo‘lib qoldinglar. Tushunaman, bu sizlarga yoqmaydi. Bo‘lmoqchiman, Konstitutsiya bo‘yicha huquq menga berilgan. Men taklif beraman Oliy Majlis ko‘rib chiqadi», — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Angrendan Bekabodga borguncha yarim kun ketadi». «Xafa bo‘lmanglar, ammo sizlar (mahalliy deputatlar, oqsoqollar va boshqa rahbarlar) birlasha olmayapsizlar, viloyatda birdamlik yo‘q», — deya ta’kidladi u.

«Angrendagi oqsoqolning gapi Bekobodga to‘g‘ri kelmaydi. Bekobodning gapini Chinoz olgisi kelmaydi… Ikkita ixchamgina viloyat bo‘ladi… 22 ta hududni birdan boshqarishning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin bu haqda hali o‘ylayapman», — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident «Toshkent viloyatini hammadan ham yaxshi biladigan» Zokir Almatovni (IIVning sobiq rahbari, ayni payt ichki ishlar vazirining maslahatchisi) bekorga olib kelmaganini aytdi. Ta’kidlanishicha, Almatov hokimga yordam berib, «butun elni birlashtirib beradi».

«Deputatlar deganimda mana shu tuman, shahar va viloyat kengashlari deputatlari uyg‘onishlari kerak. Ular menga aytishi kerak: yoki [viloyatni] bo‘lib bering, yoki biz birlashamiz, deb. Men har kuni bu haqida o‘ylayman. Xalqning manfaatlari uchun qaysi yo‘l ma’qul deb o‘ylayabman», — deya qayd etdi davlat rahbari.