18 mart kuni taxminan soat 20:10larda Toshkent metropolitenining «Olmazor» yer osti metro bekatidan «Sirg‘ali» metro yo‘nalishi «Choshtepa» yer usti metro bekatiga harakatlanayotgan 4 ta vagondan iborat tarkib texnik sabablarga ko‘ra to‘xtab qolishi natijasida ushbu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan navbatdagi tarkib bilan to‘qnushuv sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisada jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Vagonlarga ham katta zarar yetmagan.

Shuningdek, «Sirg‘ali» metro yo‘nalishining voqea sodir bo‘lgan qismida harakat vaqtincha to‘xtatilganligi bois, qolgan tarkiblarning harakati qo‘shimcha (yordamchi) yo‘nalish bo‘yicha davom ettirildi. Hozirda ushbu yo‘nalishda harakatlar to‘liq qayta yo‘lgan qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar FVB, IIB hamda Metropoliten xodimlari tomonidan vagon ichidagi yo‘lovchi fuqarolar xavfsiz joyga evakuatsiya qilindilar, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari voqea joyiga Toshkent shahar FVB rahbariyati, yong‘in-qutqaruv xizmati, tuman IIB, Prokuratura hamda Milliy gvardiya xodimlari chiqishgan. Hozirda vaziyat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.