Ayni daqiqalarda Shavkat Mirziyoyev raisligida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Prezident viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatiga to‘xtalar ekan, Toshkent viloyat sobiq hokimi Rustam Xolmatovning ishdan ketishi haqida gapirdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Toshkent viloyatining salohiyatidan kelib chiqadigan va natijaga ishlash bo‘yicha sizlarga ma’qul keladigan rahbar topa olmayapmiz. Ko‘p viloyatlarda hokimlar 10 yillab ishlayabdi, yaxshi natija berayapti. Viloyatga katta maqsadlar, marralar qo‘ygan edik. Ochiq gap Rustam Xolmatov o‘zi ariza yozdi, hech kim unga ket degani yo‘q. „Iloji boricha salohiyatimni ishga solayapman, sizni talabingiz va zamonga munosib bo‘lish uchun, hozir Toshkent viloyatini ancha charchatib qo‘ydik. Men paxtani ichida o‘sganman, paxta, g‘alla deb yurgan ekanmiz. Lekin sizning bugungi talabingiz paxta, g‘alla emas, xalq manfaati va viloyatdagi muhitni mutlaqo o‘zgartirish kerakligini bildim. Kutilgandek natija ko‘rsatolmayapman“, deb tan oldi, o‘zi ariza yozdi. Boshqa ishga o‘tdi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirga qadar hech bir shahar yoki tuman hokimi o‘zi ariza yozmagan.

«Bu ham mardlik. Amalning tagida mas’uliyat va javobgarlik bor. Shu paytgacha bironta tuman, shahar hokimi bunday ariza yozmagan. Bu nima degani? Amalni xohlayapti, ammo aravani tortmayapti. Xolmatov nimaga ishdan ketdi? Chunki, bildiki, hududdagi o‘rta bo‘g‘indan tortib katta rahbarlargacha mas’uliyatni o‘ziga olmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning 30 yanvardagi farmoni bilan Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov lavozimidan ozod etilgan edi. Uning o‘rniga Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Davron Hidoyatov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.