Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni Nurafshon shaxrida bo‘lib o‘tayotgan xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hokimlarning saylovi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Hokimlar ham saylansin, degan gaplar ham juda ko‘p aytilayapti. Buni men o‘zim ham aytganman. Lekin bir savol bor: hokimlarni saylashga biz hozir tayyormizmi? Biz bitta mahalla raisini ham adolatli saylay olmaymiz-ku», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

«Adolatli mahalla raisi saylovini o‘tkazishga harakat qilsak, to‘da-to‘da bo‘lib keladi, biznikini saylaymiz deydi-da, saylab yuboradi. Jamiyat tayyor bo‘lmagan muhitga saylovlarni qo‘yish xiyonat emasmi? Bu haqiqiy xiyonatning o‘zi», — dedi u.

«Men buni xohlamaymanmi? Juda ham xohlayman, men ham buni yaxshi tushunaman. Lekin kimni saylaymiz?» — deya savol bilan murojaat qildi prezident.

«Lekin men ishonaman, vaqt kelib, albatta, hokimlarni saylash jarayoniga ham yetib kelamiz», — deya qayd etdi u.

Shavkat Mirziyoyev hokimlarni lavozimga saylashni birinchi bor 2016 yilning dekabrida taklif etgan edi. 2017 yilning avgustida u hoziroq hokimlarni xalq saylashi tizimini joriy etishga tayyorligini bildirgan edi.

2020 yilning sentyabr oyida davlat rahbari yana bir bor, «Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz», deya ta’kidlagan edi.

Hozirda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyin prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Shu bilan birga, nomzodni davlat rahbari tavsiya etadi.

Deputat Rasul Kusherbayev xalq hokimlarni saylashga tayyor emasligi haqidagi fikrga ko‘shilmasligini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ruxsat berayotganlarning o‘zi tayyor emas». «Ularda qo‘rquv bo‘lishi mumkin. Qaysi ma’noda, ular xohlagan odamni, odamlar saylamasligi mumkin», — dedi u.