Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hududning irrigatsiya tizimi, bu yo‘nalishda hokimlarning faoliyati hamda Chorvoq suv ombori resurslarini tejash zarurligiga to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Toshkent viloyati — bu Surxondaryo viloyati emas, Qashqadaryo viloyati emas. Bu Toshkent viloyati. Men kecha topshiriq berdim: klasterlar hokimiyat bilan shartnoma qiladi. Shartnoma shundan iborat bo‘ladiki, klasterning ertangi rivojlanishi, hisob-kitobi, rejalari chuqur qayta ko‘rib chiqiladi. Paxtani qayta ishlab chiqarish va boshqalar innovatsion investitsiya olib kelishga asos bo‘ladi. Mana shuni ham hammalaring bilib olishlaring kerak”, — dedi davlat rahbari.

Prezidentning ta’kidlashicha, Bo‘ka, Bekobod, Yuqorichirchiq, Oxangaron tumanlarida “yerga qarab bo‘lmaydi”, zovurlari qazilmagan, mavjudlari ham to‘lib qolgan.

“Bu yerda hokim bo‘lib ishlagan oqsoqollar o‘tiribdi. O‘zi yerni kim zaxarlaydi? Suv zaxarlaydi. Mana men 1 mlrd kub metrga yaqin suvni iqtisod qilish bo‘yicha topshiriq berdim. Endi Chorvoqda suvni ochishmaydi. O‘zini eng katta agronom deb hisoblaydigan hokimlar, endi suvni ochishni so‘raydi. Lekin buning uchun hisob-kitob qilish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U Chinoz tumanida qariyb 1000 gektarni yerni o‘zlashtirgan va o‘zi texnika olib kelgan tadbirkor haqida so‘zlab berdi. Tashrif arafasida prezident Chinoz tumaniga tashrif buyurdi va Yangioboddagi jami 202 ming kub metr sig‘imga ega 3 ta suv havzasi barpo etilgan va ekinlarni tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan ekin maydonlarini borib ko‘rgan edi.

“Borib ko‘rib kelinglar. Tadbirkor davlatdan yordam olmagan, biz ham yordam berganimiz yo‘q. 1,5 mln dollar kredit olib, texnika keltirgan. „Shavkat Miromonovich, janob prezident agar siz menga salgina yordam bersangiz, bu yilning o‘zida 50 sentner [paxta] olaman“, deyapti. Ekilmagan, suv yo‘q joydan”, — deya qayd etdi davlat rahbari.

“A nimaga siz, „mardlik qilmagan“ janob hokimlar borib ko‘rib kelmaysiz? Yoqmaydi-da sizlarga?! Sizlarga faqat Chorvoqni ochib bersa. Kanal suvga to‘lsa, keyin 24 soat suv oqadi. Siz hattoki ikki soat ham suvni nazorat qilmaysiz”, — deb qo‘shimcha qildi u.

Davlat rahbari mazkur majlisda viloyatning sobiq hokimi Rustam Xolmatovning ishdan ketish masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan edi. “Rustam Xolmatov o‘zi ariza yozdi, hech kim unga ket degani yo‘q”, — degan edi prezident.

Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda 2021 yilgi sug‘orish mavsumida suv ta’minoti 25 foiz kam bo‘lishi kutilayotgani aytilgan edi. Shu bois, 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 mlrd kubmetr suvni tejash lozimligi ta’kidlan edi.