31 mart kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) norasmiy sammiti bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi «Dunyo» «Kazinform»ga tayanib.

Sammit Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan chaqirilmoqda. Unda TTDHKga a’zo barcha davlatlar rahbarlari hamda mazkur tashkilot kuzatuvchisi hisoblangan Vengriya bosh vaziri ishtirok etishini tasdiqlagan.

Sammit yakunlari bo‘yicha Turkistonning Turk dunyosining ma’naviy poytaxti deb e’lon qilishni ko‘zda tutgan deklaratsiyaning imzolanishi kutilmoqda.

TTDHK bir qator turkiy tilli davlatlarni (Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston, kuzatuvchi mamlakat Vengriya) birlashtiradi. Tashkilot kotibiyati Istanbulda (Turkiya) joylashgan. O‘zbekiston 2019 yil 14 sentyabrda kengash a’zosi bo‘ldi.