O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga kelib, suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirgani haqida xabar bergan edik.

Davlat rahbari xo‘jalik faoliyati bilan tanishib bo‘lgach, OAV vakillari bilan suhbatlashdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Prezident Toshkent viloyatida aholi 2 mln 994 ming nafardan iboratligi, ularning 149,5 mingi esa ishsiz ekanini ta’kidlagan. Shundan 95 ming nafari xorijda ekani aytilgan.

«Mening eng katta maqsadim har bir tumanning o‘sish nuqtasini topish. Toshkentda kabinetda o‘tirib emas, pastda yurib buni amalga oshirish. Misol uchun, biz sizlar bilan birga Namangan viloyatida bo‘ldik. Namanganda yer ham, suv ham, imkoniyati va infrastruktura ham yo‘q. Mana o‘zlaring ko‘rayapsizlar, bu yerda qanday bepayon yer, suv, infrastruktura bor. Bitta Chinoz tumanining o‘zida 136 ming aholimiz yashaydi. Tuman aholisi ishsiz bo‘lishi mumkin emas. Nimaga desangiz, Chinoz qishloq xo‘jaligida juda katta imkoniyat bor. Bitta tadbirkorning o‘zi 800 gektar yerni suvini ham ta’minlashini aytayapti. Joriy yilda Chinoz tumani o‘rtacha 35 sentner paxta oladigan bo‘lsa, u „Andijon 72“ navini olib kelib, 60 sentner paxta qilaman deyapti. Undan qancha-qancha mahsulot, mato, kostyum-shim, bolalar kiyimi va boshqalar ishlab chiqarsa bo‘ladi», — dedi u.


Davlat rahbari Toshkent viloyatida yangi tajriba amalga oshirilishini ma’lum qildi.

«Sizlar [OAV vakillari] bilan bugun, ertaga birga yuramiz, majlis o‘tkazamiz, Chirchiqqa boramiz, odamlar bilan uchrashamiz. Maqsadimiz Toshkent viloyatini mutlaqo boshqacha yo‘l xaritasini tuzish. Toshkent viloyatida „tumanbay“ ishlash bo‘yicha tajriba o‘tkazamiz. Ertaga saylanadigan hokim faqat va faqat 1048 ta mahalla dardi bilan yashash tizimi bo‘yicha ishlaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident jurnalistlarga yuzlanar ekan, ularga ishonishini yana bir bor ta’kidladi.

«Bir yil oldin sizlar shunday edinglarmi? Hammamiz shunday edikmi? Hamma tanqid qilishni biladi, lekin uch yil oldin OAVga munosabat qanday edi? Men Namanganda aytgan edim, sizlarni orqalaringda prezident turibdi. Yana qaytaraman, men sizlarga ishonaman, albatta, adolatli haqiqatni xalqimizga yetkazib berasizlar. Lekin biz ko‘p narsani birgalikda o‘rganayapmiz. Sizlarni ham saviyalaring oshayapti, xalqimizni ham saviyasi, ishonchi oshib borayapti. Biror masalani adolatli ko‘tarib chiqish uchun sizlarning ham bilim, ham ilimlaring, tajribalaring, tahlil qilish qobiliyatlaring muntazam o‘sib borishi kerak. Har bir aytilayotgan gapning borini, rostini yetkazish kerak. 2 yil oldin qanaqa edi, 20 yil avval qanday edi?», — deya qayd etgan davlat rahbari.