18 mart kuni, Farg‘ona viloyat sudida 2020 yilning may oyida Farg‘ona viloyati So‘x tumanida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizlikda ishtirok etganlikda ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu jinoyat ishi Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi T. Vahobov raisligida hamda xalq maslahatchilari N. Musinova va Z. Qosimovadan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.

Sud barcha sudlanuvchilarni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) ni qo‘llab, 5, 4 va 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va ozodlikni cheklash jazolarini tayinladi.

Jinoyat oqibatida Farg‘ona viloyat IIB foydasiga yetkazilgan 9 996 341 so‘m moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan chiqarilgan hukmning mazmuni batafsil tushuntirilib, sudlanuvchilar va boshqa tomonlarga ushbu hukm ustidan shikoyat qilishning qonunda belgilangan tartibi va muddati tushuntirildi.