AOKAda Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov ishtirokidagi brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlanish uchun ochiq tanlovda 172 nafar nomzod ishtirok etgan. Ularning 73 nafari sudyalik lavozimiga nomunosib deb topilgan, yana 34 nafari zaxiraga olingan. Qolgan nomzodlarga esa ishonch bildirilgan.

Shuningdek, 2020 yilda 27 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Ya’ni, 3 nafar sudya boshqa ishga o‘tgan, sudyalik qasamyodi va odob-axloq qoidalarini hamda odil sudlovni amalga oshirishda qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgan 12 nafari chetlatildi (ulardan biri jinoiy javobgarlikka tortilgan). Shuningdek, o‘z xohishiga ko‘ra yana 5 nafar sudya lavozimidan ozod etilgan. Yana yetti nafar sudya esa koronavirus tufayli vafot etgani bois vakolati muddatidan avval tugatildi.

2021 yilning o‘tgan ikki oyida Sudyalar oliy kengashi qarori bilan 9 nafar sudyaga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llashga ruxsat berildi, bir nafar sudya vazifasidan ozod qilindi. Shu kunlarda kunlarda yana uch nafar sudyaga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Sudyalar oliy kengashi 2020 yilda 835 nafar nomzodni sudyalikning navbatdagi vakolat muddatiga, muddatsiz davrga va vakolat muddati davriga qayta tayinlash masalalari ko‘rib chiqdi. Shundan 126 nafar nomzod sudyalikning keyingi muddatidagi tayinlashga nomunosib deb topildi. 72 nafari zaxiraga koldirildi, 41 nafar nomzodni tavsiya etilgan lavozimga tayinlash rad etildi.

2021 yilning o‘tgan ikki oyida esa birinchi besh yil muddatga sudyalik lavozimlari uchun taklif etilgan 30 nafar nomzodning 3 nafari nomunosib deb topilgan bo‘lsa, 7 nafari zaxirada qoldirildi, 20 nafariga ishonch bildirildi.

Shuningdek, o‘tgan ikki oyi davomida navbatdagi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlari bo‘yicha qayta tayinlash masalasida 111 nafar nomzod ko‘rib chiqildi. Shundan bir nafari nomunosib, 5 nafari zaxirada qoldirilgan bo‘lsa, yana 5 nafar nomzodni tavsiya etilgan lavozimga tayinlash rad etildi.