Prezident Chirchiq shahri Iftixor mahallasida aholi bilan muloqot qildi, ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklar haqida so‘radi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ayollardan biri davlat rahbariga xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratayotgani, tadbirkorlikka o‘qitish va tayyorlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Avvalambor, sizlarni Navro‘z bayrami bilan tabriklayman. Ertaga viloyatga hokim saylaymiz. Hudo xohlasa Chirchiqni mutlaqo boshqacha qilamiz. Qurilishlar, ichki yo‘llar, elektr energiya va gazini, barcha masalani hal qilamiz. Eng katta narsa kerak bo‘lsa, elektrichkani yo‘lga qo‘yamiz. Agar u ham ma’qul bo‘lmasa Toshkentdan Chirchiqqa qarab yerusti metrosini ham quramiz. Toshkentga qulay borib kelishlaring uchun. Umuman sanoatda ishlab chiqarishni ko‘paytirib, sizlarga va farzandlaringizga ish joyini tashkil qilamiz. Nuroniylarimizga dam olish maskanlarini quramiz. Chirchiq ancha charchab qoldi. Ya’ni, suv quvurlari, elektr energiya ta’minoti charchagan. Kechasi yorug‘lik, sveti yo‘q desak bu ham to‘g‘ri. Tegirmon navbati bilan degandek, sekin-sekin hamma masalalarni hal etamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqot chog‘ida pod’ezddan boshqalar qarab turganini ko‘rgan prezident ularni ham suhbatga tortdi. U «shu yerda yashaysizlarmi? Issiq suvi bormi? Nima muammolar bor, sizlarni nima qiynayapti?» deb so‘radi. Ayollardan biri uyni isitish bilan muammolar borligini aytdi.