2021/2022-o‘quv yili uchun test sinovlarida 1,6 mln nafar abituriyent ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Farhod Mirzayev ma’lum qildi. Uning xabar berishicha, hujjatlar bu yil ham onlayn qabul qilinadi.

«2021/2022 o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriati ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida 1,6 mln nafar abituriyent ishtirok etishi kutilmoqda. 2021 yilda abituriyentlarni ro‘yxatga olish DTMning rasmiy veb-sayti (my.dtm.uz) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn amalga oshiriladi», — dedi u.

Shuningdek, Farhod Mirzayevning ma’lum qilishicha, ayni paytda DTM tomonidan testlarni o‘tkazish bo‘yicha ikki xil ssenariy ustida ish olib borilmoqda:

  • an’anaviy shaklda katta sig‘imli binolarda o‘tkazish;
  • pandemiya sharoitidagi kabi ochiq maydonlarda o‘tkazish.

Xabar berilishicha, buning uchun test sinovi o‘tkaziladigan joylar tanlanib, reja-chizmalari tayyorlangan. 50 460 nafar abituriyent uchun mo‘ljallangan 103 ta katta sig‘imli yopiq bino, 60 570 nafar abituriyentga mo‘ljallangan 66 ta stadion va xiyobon tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, Mirzayev abituriyentlarga OTMlarga kirish uchun imtiyoz berish, ularni tasdiqlash vakolatiga ega bo‘lgan mas’ul vazirlik va idoralar bilan imtiyozlar reyestri shakllantirilayotganini ma’lum qildi. Buning uchun Davlat test markazi tomonidan maxsus platforma ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralarga imtiyozlarni kiritish uchun imkoniyati taqdim etilgan.