So‘nggi bir hafta ichida Qozog‘istonning Olmaota viloyatida koronavirus holatlarining o‘sish darajasi 0,6 foizni tashkil etdi, kuniga 99 holat qayd etildi. Yuqumli kasalxonalar 43 foiz, reanimatsiya yotoqlari — 15 foiz to‘lgan. Bu haqda viloyat hokimi Amandiq Batalov Hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar berdi zakon.kz.

Viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yuqumli kasalxonadagi yotoqlar soni 412 taga ko‘paytirildi va 1550 birlikni tashkil etdi.

Hududda kasallanish darajasi oshgani sababli karantin rejimi kuchaytirildi.

Maktabgacha tarbiya tashkilotlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, diniy birlashmalar, jamoat hammomlari va transportining ishlash vaqti bandlik koeffitsiyentini hisobga olgan holda soat 17.00 gacha, ko‘ngilochar muassasalar va restoranlarda soat 21.00 gacha cheklangan. Dam olish kunlari hududda to‘liq karantin joriy etiladi.

Shuningdek, Olmaota shahrida ham karantin cheklovlari joriy etiladi.

Jumladan, jamoat transporti ish kunlari — odatdagi jadval asosida, dam olish va ta’til kunlari ertalab — soat 6.00 dan 10.00 gacha; kechqurun — soat 17.00 dan 22.00 gacha ishlaydi.

Savdo-ko‘ngilochar markazlari dam olish kunlari ishlamaydi. Bayram kunlari — soat 10.00 dan 17.00 gacha; ish kunlari — soat 10.00 dan 21.00 gacha faoliyat yuritadi.

Oziq-ovqat do‘konlari soat 06.00 dan 24.00 gacha ishlaydi, bozorlar dam olish kunlari ishlamaydi.

Viloyatlararo va shahar (turistik) transport faoliyati taqiqlanadi.

Kinoteatrlar, teatrlar, konsert zallari va sirk o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

Avvalroq 18 martdan boshlab Qozog‘iston poytaxti Nursultonda ham karantin e’lon qilingan edi. Karantin qoidalariga ko‘ra, shaharda ommaviy tadbirlar o‘tkazish va ularda qatnashish taqiqlanadi.